Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlar va ba’zi OAVlarda Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutining 3-bosqich talabasi, guruh sardori institutdagi poraxo‘rlik tufayli o‘z joniga qasd qilgani xususida xabar tarqaldi. Xabarda qayd etilishicha, guruh sardorining o‘limini uning kursdoshlari institutda sessiya paytida kuchayadigan poraxo‘rlik bilan bog‘lagan. Institut mutasaddilari esa buni rad etgan.
“Daryo” muxbiri vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2-iyun kuni o‘z joniga qasd qilgan talaba institutning texnologiya fakulteti 3-bosqich talabasi A.Yo. bo‘lgan.
— 1-iyun, shanba kuni 3-paradagi ingliz tili darsida bitta partada o‘tirgandik, — deydi marhum A.Yo.ning kursdoshi Mohinur Abdukarimova. – Kursdoshimda biror bir tushkunlik yoki nimadandir siqilish holatini kuzatmadim. Doimgidek xushchaqchaq edi.
Mohinur Abdukarimovaga ko‘ra, A.Yo. tabiatan xushchaqchaq bola bo‘lgan. Hamma bilan birdek munosabatda bo‘lgan.
Texnologiya fakultetida tahsil oluvchi Zulayho Fayzullayevaning fikricha, kursdoshi A.Yo. 3-bosqichgacha bo‘lgan davr mobaynida biror bir bola bilan tortishgan yoki urishmagan. Hamma bilan yaxshi kayfiyatda muloqotga kirishgan. Barcha kursdoshlarini birdek yaxshi ko‘rgan.
— Ba’zan guruh sardorlarida shahar va qishloqdan kelgan kursdoshlarini ajratish holati kuzatiladi, ammo kursdoshimiz A.Yo. hech qachon bunday qilmagan, — deydi Zulayho Fayzullayeva. – Barchaga birdek munosabatda bo‘lgan.
Ushbu fakultet talabalaridan yana biri Dildora Hazratqulovaning so‘zlariga ko‘ra, institutda sessiya paytida poraxo‘rlik avj oladi, bunday paytlarda guruh sardorlari o‘qituvchi va dekanga pul yig‘ib beradi degan gap g‘irt uydirma.
— Shu dargohda uch yildan beri tahsil oladigan bo‘lsam, talabaga baho qo‘yib berish uchun biror marta o‘qituvchining pul so‘raganini eshitmadim, — deydi Dildora Hazratqulova. – Institut talabalari uchun umuman xarajat degan gap yo‘q. Masalan, bizning guruhda umuman pul yig‘ilmagan.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan institut o‘qituvchilaridan birining aytishicha, haqiqatdan ham institutda so‘nggi ikki yil davomida juda katta o‘zgarishlar sodir bo‘lgan, jumladan o‘qituvchilarning sessiya paytida talabalardan pul olish holatlari keskin kamaygan. “Ammo korrupsiya balosi umuman yo‘q bo‘lib ketdi, deya aytolmayman”, — deydi institut o‘qituvchisi.
Marhum A.Yo.ning kursdoshlari Jamshid Eshpo‘latov va Ravshan Chorshanbiyevlarning qo‘shimcha qilishicha, A.Yo. juda kirishimli bola bo‘lgan. Moddiy ta’minot borasida unda qiyinchilik bo‘lmagan.
— 1-iyun, shanba kuni darsdan so‘ng A.Yo. mening yonimga ham kirdi, — deydi guruh rahbari Dilfuza Rajabova. – Tugallanmay qolgan ishlarimiz bor edi. Uni yakunladik. Talabam har doimgidek xushchaqchaq edi. Kayfiyatida tushkunlik sezilmadi.
Dilfuza Rajabova talabasining o‘limi ortidan shov-shuv yasab, o‘quvchisini ko‘paytirishga harakat qilayotgan xorij OAVsining faoliyatini qoralab, nomardlikda ayblamoqda.
— “Institutda pora juda avjga chiqqan. Dekan va domlalarga porani starosta yig‘ib beradi. Yangi dekan starostalarni vedomost qilaman degandi. O‘tgan yil vedomost qilmaslik uchun 50 dollardan olishgan”, degan oldi-qochdi, aqlga sig‘maydigan gaplarni asossiz yozishdan nima naf, — deydi Dilfuza Rajabova. — Shu haqda maqola yozmoqchi ekansan, kel, ko‘r o‘rgan. Ana undan keyin yoz-da.
Dilfuza Rajabovaning hikoya qilishicha, bu mudhish voqea 2-iyun kuni kech soat 9-10 lar atrofida ro‘y bergan. Ular bu haqda 3-iyun kuni ertalab xabar topishgan.
Marhum A.Yo.ning uydagilari bilan gaplashishga harakat qilganimizda, uning akasi bu borada gapirish ota-onasi uchun juda og‘ir ekanligini aytib, hech qanday ma’lumot berolmasliklarini bildirdi.