Sheva – o‘zbek tilining eng qiziqarli jihatlaridan biri bo‘lsa ajab emas.
Ma’lumot o‘rnida, o‘zbek tili tarkibida uchta lahja bor:
Qarluq (Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Qarshi)
Qipchoq (Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston, Shimoliy Xorazm viloyatlari, Turkmanistonning Toshovuz viloyati shevalari)
O‘g‘uz (Urganch, Xiva, Xonqa, Hazorasp, Qo‘shko‘pir, Shovot tumanlari) lahjasi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun qarluq lahjasiga kiradigan Farg‘ona-Toshkent shevalari asos qilib olingan. Olimlarning fikricha, Toshkent shevasi fonetik jihatdan, Farg‘ona shevasi morfologik jihatdan adabiy tilga asos bo‘lgan. Umuman olganda, adabiy til barcha shevalarga tayanadi.
Shevalar mavzusini jonliroq ravishda ochib berish maqsadida turli sheva vakillari bilan suhbatlashdik. Qani, ular tildagi farqlar haqida nima deydi?
Ba’zan bitta so‘zning o‘zi turli shevalarda turlicha ma’noga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, "pashsha” – Toshkent shevasida chaqmaydigan hasharotni bildiradi (ruscha "muxa”). Samarqand shevasida esa chaqadigan hasharotni bildirib (ruscha "komar”), "chivin” esa aksincha ma’nolarda qo‘llaniladi.
Bunday shevalararo farqlarga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Aziz mushtariylar, siz ham ana shunday shevadan-shevaga tafovut qiluvchi so‘zlardan qaysilarini bilasiz?