Mana, nihoyat tutgan perhezingiz natija berdi: qomatingiz orzu qilarli darajaga yetdi. Biroq ortiqcha vazn bilan kurash hali tugagani yo‘q. Endi me’yorni saqlab qolish uchun harakat qilish lozim. Chunki shu kungacha iste’mol qilishimiz lozim bo‘lgan oziqaviy quvvatni organizm qaerdan bo‘lsa ham tiklab olishga intiladi.
Nazoratni pasaytirmang!
Dieta — ovqatlanishdagi turli befoyda odatlarimizni o‘zgartirish uchun yaxshi imkoniyat. Chunki undan keyin oshqozonimizga tushayotgan yegulik miqdori kamayadi va o‘z vaqtida ovqatlanishga odatlanamiz. Natijada esa oshqozon kichrayadi. Agar yana avvalgi ko‘rinishingizga qaytishni istamasangiz, tanovul qilayotgan yeguligingiz miqdorini nazorat qilishdan to‘xtamang.
Tavsiya. Tuz va shakar miqdorini imkon qadar kamaytiring. Taomga tuz o‘rniga turli ziravorlardan ishlatsangiz, salomatligingiz uchun ham foydali.
Yoz mavsumida taomnomamizdan turli ko‘katlar va sabzavotlar joy egallay boshlaydi. Demk, endi turli yog‘ mahsulotlari va shirinliklarni cheklash ayni muddao.
Shoshilmang!
Cheklovlar ortda qoldi, deb, ishtahamizni nazoratqilishni susaytiramiz, nimani qanday istemol qilish haqida kamroq bosh qotiramiz. Televizor qarshisida ovqatlanamiz, muzlatkichdan ko‘zimizga nimaiki «issiq» ko‘rinsa, barini olib, dasturxonga qo‘yamiz. Natija esa barchaga ma’lum. Inson tez ovqatlanganda qorin to‘yganligi haqidagi ma’lumot miyaga kechroq yetib boradi. Yaxshi chaynalmagan yegulik esa dard ustiga chipqondek gap.
Tavsiya. Sekin-sekin, har bir bo‘lakni yaxshilab chaynab yesangiz, oshqoziningizga yordam bergan bo‘lasiz. Bu esa o‘z navbatida erishgan natijangizni uzoq vaqt ushlab qolishga ko‘maklashadi.
Dasturxondan «Yana bir bo‘lak bo‘lganda edi...» degan o‘y bilan turishni tavsiya qilamiz. Shunda kundan-kunga kamroq taom tanovul qilayotganingizga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz.
Aldanmang!
Dietadan keyin cheklov qo‘yilgan har bir mahsulotga boshqacha mehr bilan qaray boshlaymiz. O‘sha paytlarda ishtahamizni qitiqlab turgan yegulikni endi bemolol yeyish mumkin. Biroq ochko‘zlik qilmang! Inson ong osti kelgusidagi och qolishlarning g‘amini yeb, turli yog‘larni g‘amlab qo‘yish xususiyatiga ega.
Tavsiya. Ne-ne mashaqqatlar bilan erishgan natijangizni chippakka chiqmasligi uchun xamirli va yog‘li taomlar, shuningdek, shirinliklar bilan oshqoziningizni qiynoqqa solmang.
Och qolmang!
Tanovul qilish mumkin bo‘gan mahsulotlar ro‘yxati tobora kengayib borayapti. Shuning uchun uzoqroq vaqt ovqat yemasligimiz ham mumkin. Biroq biz oshqozinimizdan aqlliroqmiz. Demak, ochiqishnikutib o‘tirgandan foyda yo‘q, chunki inson och qolganda foydalisidan ko‘ra to‘yimli yegulikka ixtiyor beradi.
Tavsiya. Nonushta yoki tushlikdan ikki soat o‘tgach, meva tanovul qilishga odatlaning. Juda bo‘lmasa, bir bo‘lak achchiq shokolad va qaynoq choy bilan ham qorinni aldab turish mumkin.
Me’yorni unutmang!
Muzqaymoq, shokolad yoki go‘shtdan o‘zingizni butunlay chegaralab qo‘ymang, axir ularni yaxshi ko‘rasiz-ku. Bunday serkalloriya yeguliklarni iste’mol qilganda me’yorga amal qiling. Ba’zi-ba’zida ularni o‘zingizga sovg‘a tariqasida taqdim etishingiz mumkin.
Tavsiya. Masalan, hafta davomida har kuni ertalab mashq qilsangiz, erishgan natijangiz uchun yakshanbada o‘zingizni bir dona shirinlik bilan siylang. Bir hafta davomida uyingizga yetishga ikki bekat qolganda avtobusdan tushib, piyoda yurganingiz uchundam olish kuni mayonezli salat yoki pissa bilan o‘zingizni xushnud eting.
SAODAT tayyorladi.
Manba: “SUG‘DIYoNA”