Assalomu alaykum Ustoz. Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? Sizga beradigan savolim shundan iborat: oynaga ko‘p qarash gunohmi? Bu haqida suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan hadis vorid bo‘lganmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat!
Javob:
Va alaykumus salom. Alloh go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi. Oynaga qarab, tashqi ko‘rinishini to‘g‘rilashning hech qanday yomon joyi yo‘q. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam oynaga qarasalar, “Barcha maqtovlar Allohga xos! Yo Alloh, shaklu shamoyilimni chiroyli yaratganingdek, xulqimni ham go‘zal qil!” deb duo qilardilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Demak, mo‘min banda oynaga qarab, libosi va sochini tuzatsa bo‘ladi. Lekin bunda ham me’yorni unutmaslik kerak. Huda-behudaga oynaga qarayverish, oyna oldida soatlar vaqtini bekor ketkazish yaxshi emas. Vallohu a’lam!