Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

O‘zMUda ta’lim rivoji uchun «antiqa usul» o‘ylab topilibdi. Qoyil...


«Sazoyi taxtasi»

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda bir rasm «aylandi»: O‘zbekiston milliy universitetining fizika fakultetida o‘qishga kechikib kelayotganlar suratini o‘ziga xos «sazoyi taxtasi»ga ilib qo‘yishayotgan ekan.

«Fizika fakultetida o‘qiyman. Ertalab darsga kechikib kelgan talabalarni fakultetga qo‘yishmayapti. Ustiga-ustak ularni suratga olib, eshik oldiga — «sazoyi taxtasi»ga ilib qo‘yishgan. Ma’muriyatning darsga qo‘ymaslikka haqqi bormi? Biz kontrakt pulini nima uchun to‘layapmiz: dars uchunmi yoki tashqarida kutib o‘tirish uchunmi?» deya izoh beriladi suratga. Suratni ko‘rgach, xayolimga kelgan ilk savol quyidagicha bo‘ldi:

Shunday qilish shartmidi?

Barchamiz bolalikda sevib o‘qigan «Sariq devni minib» asarida Hoshimjon Ro‘zievni toshbaqaga mengzashib, devoriy gazetada urib chiqishadi. Albatta, avvalo asar yozilgan davr boshqa, ikkinchidan, Hoshimjon yosh bola. Bu vaziyatda esa — jahon universitetlarida o‘qish jarayonlari mutlaqo o‘zgacha ko‘rinish olib, internet orqali tahsil rivojlanayotgan davrda biz darsga besh-o‘n minut kechikkan talabani suratga olib «mana ko‘ringlar qoloqlarni!» deya jar solmoqdamiz.

Haliyam ta’limdagi ildizi chuqur muammolar qolib, tashkiliy ishlar va ikkilamchi narsalarga urinib yotibmiz. O‘ylaymanki, ta’lim sifati ko‘tarilsa, talaba o‘qishdan manfaat sezsa, o‘qituvchi uni ohanrabodek tortuvchi darslar o‘tsa, yuz foiz bo‘lmasa ham, ko‘pgina tolibi ilmlar dars qoldirish tugul kechikishni o‘zlariga ep ko‘rmasalar kerak.

Ichki tartib-qoidalar nima deydi?

O‘zbekiston Milliy universiteti ustavida talabalarga sabablarsiz dars qoldirmaslik, kechikib kelmaslik majburiyati yuklangan. Shuningdek, bir o‘quv semestri davomida sababsiz 74 soatdan ortiq dars qoldirish o‘quv yurtidan chetlatilishga sabab bo‘ladi. Ammo ushbu talab va majburiyatlar orasida rasmga olib, barchaga ko‘rinadigan joyda ilib qo‘yib, jazolash degan qoida yo‘q. Jumladan, boshqa o‘quv muassasalarida ham. Demak, kechikkan talabalarni suratga olib, ochiqdan-ochiq ularning suratini jamoat joyida namoyish etish-qonunga zid. Buning ustiga «falon fakultetni orqaga tortayotgan talabalar» degan tamg‘a bilan!

Buni talaba huquqining poymol etilishi deyish ham mumkin.

Darsga besh-o‘n minut kechikkan talabani yarim soat izza qilish, jazolash — bu uning ta’lim olish uchun sarflaydigan vaqtini talon-taroj qilishdir. Bu talabada o‘qiydigan joyiga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga olib keladi. Hech bo‘lmasa, ertalab kirishga ruxsat berib, darsdan so‘ng talaba bilan konstruktiv muloqot olib borish kerak. Oliy o‘quv yurti talabasi voyaga yetgan ongli fuqaro sanaladi. Uning dunyoqarashi va fikrlashi maktab yoki kollej o‘quvchisidan farq qiladi.

Xulosa

«Talabalarga qattiq turish kerak», «shunday qilmasa, darsga hech kim kelmay qo‘yadi» degan fikrlar ham yangradi. Lekin, ta’lim asosini faqat qattiqqo‘llik tashkil etmaydi. Ongli talaba avalo o‘z kelajagi uchun muhim ta’limdan mutlaqo yuz o‘girmaydi. Talaba darsga istar-istamas kelyaptimi, kelishni istamayatimi, demak, muammo faqat uning o‘zida emas.

O‘zMUning jurnalistika fakultetiga yaqinda komissiya kelibdi. Darslar boshlangach, kirish eshiklari taqa-taq berkilibdi. Ammo kechikkan talabalar deraza orqali xonaga kirishib, darsda ishtirok etishning uddasidan chiqishibdi (mazkur jarayon tasvirini ko‘rib qoldim). Xo‘sh, kechikkani uchun talabalarni kiritmay, ularni ta’limdan mosuvo qilib, yutamizmi, yutqazamizmi?

Bu gaplar bilan darsga kechikishni oqlamoqchi emasman. Ta’lim o‘z vaqtida olinishi, qoidalar hurmat qilinishi shart. Ammo talabaga bunday munosabat (buning ustiga «otaxon» universitetda) yarashmaydi. Bu jamiyatda teskari aks-sado berishi mumkin. Uning o‘rniga, talabani o‘qituvchi kelmasdan darsxonada hozir bo‘lishga undaydigan ta’lim tizimi yarataylik. Talaba har kunidan mamnun bo‘lsin. Modomiki, u haliyam o‘quv dargohi faoliyatidan qoniqmas ekan, kechikishlar, dars qoldirishlar takrorlanaveradi.



Manba:xabar.uz
Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 3159 | Рейтинг: 1| Рейтинг: ta’lim rivoji
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 03:02
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное