"O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tashabbusi bilan 11-aprel kuni
poytaxtimizning "Al aziz” restoranida mashhurlarning "Sumalak shou”si tashkil etildi.
"Al aziz”ning yozgi qismida qozonda sumalak qaynamoqda. Estradamizning
mashhur yulduzlari esa birma-bir qozon kovlab, eng ezgu tilaklarini aytish bilan
ovora. O‘zbekiston xalq artistlaridan tortib, yosh va taniqli yulduzlargacha tashrif
buyurgan "Sumalak shou” kuy-qo‘shiq va raqsga ulanib ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Oybek va Nigora ham birinchilar qatorida qozondagi sumalakni
kovlashga tushishdi. O‘choq balandligi uchunmi yoki Nigoraning bo‘yi pastligi pand
berganidanmi, xullas Nigoraga kovlash jarayoni ancha mushkul kechdi. Biroq xonanda
shahdidan qaytgani yo‘q...
Nigoraning shijoatiga qarang hech kimga navbat bergisi ham yo‘q
shekilli...
Aktrisa Shahzoda Muhammedova ham eng ezgu tilaklarini ayta turib,
hamkasblarini yordamga chaqirdi. Biroz vaqtdan so‘ng esa qizlar jam bo‘lib, liq
to‘la sumalak qozoni ustida turib jonli qo‘shiq kuylashga o‘tdilar.
Birozdan so‘ng Anvar Sobirov va Mahmud Namozov ham qozon oldida
bir zumda paydo bo‘ldi-yu, xotin-qizlar qo‘lidan kovlagichni olib, ular ham ezgu
niyatlarini aytishga o‘tdilar.
Sumalak tayyor bo‘lgach hozirlangan sahnada emas, aksincha qozon
atrofi va oldida aylanib raqsga tushishga o‘tdilar. Mazkur tadbir haqiqiy "yulduzlar
sumalak shou”siga aylanib ketdi.
Sumalak bazmida "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Madaniyat va
Sport ishlari vazirining o‘rinbosari – "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Bosh
direktori Ahmedov Bahodir Majidovich so‘zga chiqib, mazkur tadbirni o‘tkazishni
an’ana tusiga aylantirish lozimligi xususida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, bugungi kunda shou-biznes olamining nihoyatda gurkirayotganing
bosh omili - yurtimiz tinch, xalqimiz osoyishta turmush kechirayotganidan darak
ekanligini ham ta’kidladi.
Xullas, "Sumalak shou” bundan so‘ng har yili aprel oyining
11-sanasida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Negaki, mart oyida tadbir va bayramlar ketma-ketligi
sabab, barcha san’atkor va xonandalar el xizmatida bo‘lishadi-da.