Respublikamiz aholisining 35 foizi plastik kartochkalardan foydalanayotgan bir paytda savdo punktlariga o‘rnatiladigan terminallar masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy texnologiyalar esa bir yerda to‘xtab qolmaydi: muammolarning oddiy, hajm jihatdan kichik va arzon yechimlarini qidiradi. Chet ellarda allaqachon muomalada bo‘lgan smartfon orqali ishlaydigan terminallar O‘zbekistonga olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Ayni paytda Yagona umumrespublika protsessing markazi AQSh va Yevropaning bunday terminallar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Keling, bunday terminal qanday ishlashi, qanday afzalliklarga egaligini birgalikda ko‘rib chiqamiz.
MPOS yoki mobil terminal nima?
MPOS — bu gugurt qutisi kattaligidagi qurilma bo‘lib, u Android yoki iOS tizimida ishlaydigan smartfonga ulanadi. Unda plastik kartochkalar chipini o‘qiydigan qurilmacha bo‘lib, smartfonga mablag‘ miqdori va kartochka pin-kodini kiritib, to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Demak, MPOS yoki mobil terminal — bu:
Smartfon va kart-riderdan iborat bo‘lgan qurilma;
Oddiy terminaldan bir necha barobar arzon;
To‘lovlarni har yerda va har vaqtda qabul qilish imkoniyati – faqatgina Internet tarmog‘iga ulanish kifoya.
U qanday ishlaydi?
Ushbu qurilmadan foydalanish uchun quyidagilarga ega bo‘lish kifoya:
smartfon
kart-rider
maxsus mobil dastur
Maxsus dasturdan foydalanish tartibi quyidagicha:
Dasturga maxsus parol orqali kiriladi
Menyudan kerakli funksiya tanlanadi
Smartfonga kart rider (naushnik uchun mo‘ljallangan joyga) o‘rnatiladi
Kart riderga plastik kartochka kiritiladi
Yechib olinadigan mablag‘ miqdori, kartochka kodi ko‘rsatiladi
To‘lov amalga oshirilgani haqida elektron chek beriladi.
Savdo punkti uchun qanday afzalliklari bor?
Mobil internet ishlaydigan har qanday joyda to‘lovni amalga oshirish mumkin
Plastik kartali mijozlarni jalb etish hisobiga savdo hajmi oshadi
To‘lov amalga oshirilgach, mijoz chek nusxalarini elektron pochta orqali qabul qiladi, SMS-bildirishnomalar ham keladi. Shu yo‘l bilan mijoz o‘z operatsiyalarini nazorat qilib boradi.
Mablag‘ darhol savdo punkti hisobiga o‘tkaziladi.
Bank uchun qanday qulayliklar vujudga keladi?
Naqd pulsiz operatsiyalar hajmi oshishiga turtki bo‘ladi
Terminal tarmog‘ini rivojlantirishga sarflanadigan xarajatlarni kamaytiradi
Mobil texnologiyalar va bank kartalari qo‘llaniladigan yangi xizmatlarni amalga oshirishga imkon beradi
Bank bilan hamkorlik qilish uchun qo‘shimcha tashkilotlarni jalb qilishga yordam beradi.
Aytib o‘tish joiz, ushbu kart riderning qator xususiyatlari, ayniqsa arzonligi va kichikligi mamlakatimizdagi xususiy tadbirkorlar – hunarmandlar, dehqonlar uchun qo‘l keladi.