O‘zbekistonda yana bir yangi telekanal paydo bo‘ladi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berildi.
Mazkur telekanal axborot texnologiyalari, kommunikatsiyalari va innovatsiyalarni yoritishga ixtisoslashtiriladi.
Shu munosabat bilan vazirlik “Xabar.uz” axborot-tahliliy portali bilan birgalikda yangi tashkil etilayotgan telekanalda ishlash uchun boshlovchi va jurnalistlar o‘rtasida tanlov e’lon qildi.
Ayni chog‘da teletasvirchilar, montaj ustalari, grafika ustalari, chiroqchi-texniklar, ovoz operatori ham ishga taklif etilgan.
Mazkur yangi telekanalning nomi va u qachon ishga tushirilishi haqida hozircha ma’lum qilinmayapti.