O‘zbekistonda valyuta kursining pasayishi yoki ko‘tarilishini bashorat qilish mumkinmi? Bunga ta’sir ko‘rsatadigan tashqi va ichki omillar nimadan iborat? O‘zA muxbirining savollariga ekspert — huquqshunos, iqtisodchi Adham Shodmonov oydinlik kiritdi.
– Har bir davlatning o‘z milliy valyutasi mavjud bo‘lib, avvalgi davrlarda uning vazifasini (ekvivalentini) oltin bajargani hammaga ayon. Shu bois, bu haqda iqtisodchilar davlatning oltini qancha ko‘p bo‘lsa, u shunchalik badavlat degan fikrni ilgari suradi.
Biroq, bugungi kunga kelib, oltinning o‘rnini Amerika dollari va yevro egallamoqda. Shuning uchun bugungi kunda dunyo aholisi barcha xalqaro iqtisodiy munosabatlarning etaloni sifati dollar yoki yevroni qabul qilmoqda. Demak, valyutalarning kursi ham uning “kayfiyatiga” qarab o‘zgarmoqda. Valyuta kursi ko‘p hollarda o‘z milliy valyutasi bor davlatning siyosatiga va “jahon xo‘jaligi”dagi moliyaviy ahvolga bog‘langan bo‘ladi.
Shu bois aytish mumkinki, valyuta xalqaro valyuta bozoriga chiqarilgan “birja tovari” bo‘lib, unga talab va taklif qonuniyatlari o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Valyuta kursining “borib-kelishi”, ya’ni pasayishi yoki ko‘tarilishini bashorat qilish murakkab bo‘lsa-da, bunga ta’sir ko‘rsatadigan tashqi va ichki omillarni hisobga olish kerak bo‘ladi. Xo‘sh, valyuta bozorining boshqa bozorlardan eng muhim farqi nimada? Bu bozorda yagona to‘lov vositasining o‘zi yo‘q!
Bu bozordagi savdoni “sotib olish” (xarid qilish) tarzida emas, balki bir valyutaning ikkinchi valyutaga ayirboshlash jarayoni sifatida tushunish kerak. Eng qizig‘i — valyutaning tushishi yoki ko‘tarilishi boshqa valyutalarga qarab belgilanadi. Buning bir necha ko‘rsatkichlari bor:
O‘z valyutasini muomalaga chiqargan davlatning tashqi savdo balansiga va siyosiy vaziyatga qarab;
Shu davlatning yaqin istiqboldagi sarmoyaviy salohiyatiga, ya’ni xorijiy valyutalarda katta kontraktlarning mavjudligi yoki yo‘qligi;
Bu davlat fuqarolarining va xorijiy sarmoyadorlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga qarab belgilanadi.
Keling, bu omillarga izoh beramiz. Misol uchun, mamlakatga valyutaning kelib tushishi shu yerdagi jahon bozoriga tovarlar chiqarayotgan va xizmatlar ko‘rsatayotgan eksportyorlarning faoliyatiga bog‘liq. Ular ishlab chiqarish zarurati uchun shu davlat milliy valyutasini sotib oladi va shu tariqa xorijiy valyutaga bo‘lgan talabni shakllantira boshlaydi. Demakki, mamlakat eksport salohiyati qanchalik yuqori bo‘lsa, tashqi savdo balansi qanchalik musbat (+) bo‘lsa, milliy valyuta kursi shunchalik baland bo‘ladi yoki buning aksi kuzatiladi.
Valyuta kursiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan yana biri bu importchi kompaniyalarning milliy valyutaga bo‘lgan taklifidir. Shuning uchun ham import qanchalik ko‘p bo‘lsa, milliy valyuta bo‘yicha taklif ham shunchalik ko‘p. Shu tariqa milliy valyuta kursi pasaygani yoki o‘sganini payqaymiz.