O‘zbekistonda bemorlarni davolayotgan hamshiraning koronavirus yuqtirib olgani aniqlandi
Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan fuqarolar soni 9 nafarni tashkil etgani xabar berilgan edi. Viloyat IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, ilk bor hamshiraning virus yuqtirib olgani aniqlandi. Qayd etilishicha, 23-mart holatiga ko‘ra, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 101 nafar bemor bo‘lib, ular muntazam ravishda tibbiy nazoratga olingan. Koronavirus aniqlangan ilk bemor Fransiyadan kelgan. Unda 15-mart kuni infeksiya aniqlangan. Ikkinchi bemor 16-mart kuni aniqlangan bo‘lib, birinchi bemordan yuqtirib olgan. Uchinchi bemor 14-mart kuni Londondan uchib kelgan. 17-mart kuni unda infeksiya aniqlangan. 18-mart kuni COVID-19 infeksiyasi to‘rtinchi fuqaroda tasdiqlangan. Beshinchi bemor 20-mart kuni aniqlangan. Koronavirus aniqlangan oltinchi bemor 18-mart kuni Rossiyadan kelgach, “Sokol” bolalar oromgohida karantinda turgan. Unda 20-mart kuni infeksiya aniqlangan. Yettinchi bemor 18-mart kuni Moskva orqali Shvetsiyadan kelgan. “Sokol” oromgohida karantinda bo‘lgan, 21-mart kuni kasallik aniqlangan. Sakkizinchi bemor 14-mart kuni Dubaydan kelgan. 22-mart kuni virus aniqlangan. To‘qqizinchi bemor hamshira bo‘lib, ayni paytda davolash ishlari olib borilmoqda. Xabarda hamshiraning virusni qayerda yuqtirib olgani haqida ma’lumot berilmagan. U koronavirus aniqlangan bemorlarni davolovchi bo‘lganmi yoki karantinda saqlanayotgan fuqarolarga qarayotgan bo‘lganmi — aniqlik kiritilmagan. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 23-mart holati bo‘yicha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 46 nafarga yetgan.