O‘zbekistonda ayollar nega o‘z joniga qasd qilmoqda?
Inson sabrining o‘lchovi bormi? U kimda qancha miqdorda bo‘ladi? Irodasining mustahkamligi nechog‘lik, u inson atalmish zotni qachongacha boshqarishi yoinki qancha muddat unga hamrohlik qilishi mumkin?
Afsuski, bu savollarga javob topish juda mushkul, ehtimol, buning umuman imkoni yo‘q. Faqat inson ruhiyatini o‘rganuvchilar sabr, iroda singari fazilatlar yillar davomida toblanishi, ma’naviy dunyoqarash bilan oziqlanib, insonga yaxshiliklar keltirishi mumkinligini ta’kidlaydilar, deb yozadi «Zarafshon» gazetasi muxbiri.
Ba’zi voqealar haqida eshitganda, bu holatga izoh topolmaysiz, faqat irodaning inson hayotidagi o‘rni nechog‘lik ekanini anglaysiz. Xususan, xotin-qizlarning o‘z joniga qasd qilishi holatlarini eshitarkansiz, beixtiyor uning sabablari haqida o‘ylay boshlaysiz.
Kuyov jazolandi
…Hali ohori to‘kilmagan jihozlar, pardalaru gilamlar bu kelinga atalganini bildirib turadi. Bundan bir necha oy oldin shu uyda baxtli va baxtsiz kelinlik onlari, chaqaloqning ingasi-yu, uning ulg‘ayishi, er-xotinning mehribonchiliklari-yu, dakkilari – xullas, yangi oilaviy turmushning ovozlari yangrab turgan edi. Bugun esa ikki nafar onasiz qolgan go‘dak bu uyga har zamon buvisi bilan kirib, nima sodir bo‘lganini idrok etolmay qarab qo‘yadi. Uch yoshli bolakayning ko‘zlarida mung. Buvisining oyog‘iga mahkam yopishib olgan. "Shu voqeadan so‘ng juda qo‘rqoq bo‘lib qoldi. Siz ham meni tashlab ketmaysizmi, deydi menga dam-badam", nevarasining xatti-harakatiga izoh beradi buvisi.
Ha, bir necha oy muqaddam shu oilaning kelini o‘z joniga qasd qilib, bu olamni tark etdi.
– Biz bilan juda yaxshi munosabatda edi kelinimiz, – deydi qaynona voqeaga izoh berar ekan. – Oilamizda ko‘p janjal bo‘lmaganini qo‘ni-qo‘shnilar ham tasdiqlashadi. Turmush o‘rtog‘im ham, men ham mahallaning ishiga doim ko‘mak berib yuramiz. O‘g‘lim bilan oralarida tez-tez gap qochib turardi. Ularni imkon boricha yarashtirishga, ikkoviga ham to‘g‘ri maslahat berishga intildik. Ammo…
Ammo sud hukmidagi so‘zlar boshqacha. Unda aytilishicha, er xotinini tez-tez do‘pposlagan, unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan. Kelin bir necha bor onasinikiga ketib qolgan. Qaytib kelganida er "U bilan yashamayman, biz kelisha olmayapmiz, bir gapdan qolmaydi", deb achchiq gapirgan. Ammo qudalar "Oila buzilmasin, bolalar otasiz o‘smasin", deb yosh oilani yarashtirishga harakat qilgan. Afsuski, ikki farzandli, hali 23 bahorni qarshi olmagan kelinchak bu muammolarga chora topishdan ko‘ra ikki norasida go‘dagini ham o‘ylamay, mudhish xatoga yo‘l qo‘yadi.
Bir necha bor qizining yuz-ko‘zlari ko‘kargan holda kelganini bilgan ona kuyovi o‘z xatolaridan xulosa chiqarib olsin, degan maqsadda sudga murojaat qiladi. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasining xizmat tekshiruvi bu ishga haqiqatan ham kuyovning shafqatsiz munosabati sabab bo‘lgan, degan xulosaga kelgach, yigit jazolanadi. Olti yil ozodlikdan mahrum etiladi.
Nomiga ishlayotgan "maktab va dorilfununlar"
– Xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatining har biri chuqur o‘rganilib, tahlil etilyapti, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.o‘afurova. – Oqdaryo, Urgut, Samarqand, Toyloq, Nurobod tumanlarida bu «ko‘rsatkich» kamaygan bo‘lsa, Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Paxtachi tumanlarida xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari oshgan. Ayolning hayotni tark etishdek jinoyatga qo‘l urishiga yigitning ham, qizning ham oilaga tayyor emasligi asosiy sabablardan biridir. Er o‘z oilasidagi mas’uliyatini bajarmasligi, kelinning ma’naviy muhitni yaxshilashga irodasi yetmasligi, qaynona-kelin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ham vaqt o‘tgani sayin maddalab, fojia tusini olayotir. Ushbu voqealarni tahlil qilar ekanmiz, farzandlarning aniq kasb-korli, hunarli bo‘lmay oila qurayotgani oiladagi tushunmovchiliklar va ba’zi jinoyatlarning bosh sababi ekani aniq bo‘ladi.
Mahalla faollari xonadonma-xonadon kirib, haqiqiy ahvolni o‘rganyapmiz, deyishyapti-yu, barcha hududda ham ahvol bir xil emas. Urgut tumanida sodir bo‘lgan mudhish holat yuzasidan xonadonga borsak, mahallaning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bu xonadondagi ahvoldan deyarli bexabarligi, faoliyati davomida bu yerga kirmaganligi ma’lum bo‘ldi.
FHDYo bo‘limlari, mahalla qoshida tashkil etilgan oila dorilfununlari, yosh oila quruvchilar maktablari nomigagina ishlayapti. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sog‘lom turmush tarzi, oila psixologiyasi bilan bog‘liq fanlar shunchaki o‘tilyapti. Bu muammoni bartaraf etishda tizim mavjud, ammo u tizimli ishlasagina natija bo‘ladi. Joriy yildan boshlab ularning faolligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilaganmiz. Xotin-qizlar bilan ishlashda ta’lim muassasalari, mahalla, tashkilotlardagi jamoatchilik asosida ishlaydigan boshlang‘ich xotin-qizlar tashkiloti raislarini rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning uchun kasaba uyushmalari bilan hamkorlik qilamiz.
Yigitning nega diplomi yo‘q?
Haqiqatan ham ushbu holatlarni eshitarkanmiz, yuqoridagi voqea izohtalab bo‘lib qoladi. 21 yoshida uylangan yigitning hatto kollejni tugatganlik to‘g‘risida ham diplomi yo‘q. Rafiqasi ham kollejni tugatgan bo‘lishiga qaramay, ish joyiga ega emas. Buning ustiga hunar ham egallamagan. To‘g‘ri, yigit xususiy ish bilan shug‘ullanib, oilani moddiy ta’minlab turgan, ota-onasi yordam bergan. Xo‘sh, mahalla ishiga yordam berib yurgan ota-ona nega o‘z farzandining kollejga qatnashini nazoratga olmagan? Kollejga qatnamagan yigit oila psixologiyasi fanidan qanday xabardor bo‘lsin? Mahallaning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi esa bizlarni bu xonadonga boshlab borish chog‘ida voqea tafsilotiga to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, oiladagi muhit juda yaxshi bo‘lgan, kelinchak esa tushida vafot etgan otasini tez-tez ko‘rar emish!?
Ruhshunos mutaxassisga muhtojmiz
– O‘tgan yil davomida tumanimizda o‘z joniga qasd qilgan xotin-qizlarning uch nafari omon qoldi, – deydi Jomboy tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Hafiza O‘sarova. – Ularning holidan xabar olib turibmiz. O‘z joniga qasd qilishning ildizlariyu sabablari turlicha. Ammo aksariyatida inson ruhiyatidagi o‘zgarishlar, oniy stresslar birlamchi omil bo‘lib qolmoqda. Hayotdagi turli zarbalarni, qiyinchiliklarni hamma ham bir xil yengib o‘tolmaydi. Bu yo‘lda ojizlik qiladiganlar ham bor. Shunday holatga tushgan ayolni ikki yildan beri nazoratimizga olganmiz. Davolanishiga ham ko‘mak berdik. Lekin u bilan suhbatlasharkanman, ruhiyatida ijobiy o‘zgarish bo‘lganini sezmayman. Unga kuchli mutaxassis-psixolog yordami kerakligini tushunamiz. Ammo nafaqat tumanda, balki viloyatda ham bunday mutaxassisni topish juda qiyin. Tumanning chekka qishlog‘idagi bu xonadonga mutaxassis bir marotaba kelib ketar, ammo doimiy ravishda nazorat qilolmaydi. Shu tomonlama muammolarimiz bor.
Oiladagi notinchliklar, ushbu muhitda farzandga nisbatan e’tiborsizlik, uni eshitmaslik, u bilan suhbatlashmaslik birdan emas, bola ulg‘ayib, voyaga yetganda o‘zini "namoyon" qila boshlaydi. O‘rganishlarimiz shunday xulosani beradi. Ko‘pchilik o‘z joniga qasd haqida gap ketganda bu holatni allaqanday bir kuchlar boshqaradi, deb o‘ylaydi. Ammo bunday qizlar bilan suhbatlashib, ularning oilaviy hayotini o‘rganarkanman, har bir farzand o‘z oilasida sevimli bo‘lishni, o‘z muammolarini xotirjam muhitda ota-onasi bilan o‘rtoqlashishni istashini angladim. Bugun farzandimni uylab qo‘ydim, qutuldim, degan tushuncha allaqachon eskirganini ota-onalar anglab yetishlari kerak.