Alcatel savdo belgisi sohibi bo‘lgan TLC kompaniyasi (Xitoy)
O‘zbekiston uyali aloqa qurilmalari bozoriga kirib keldi. Joriy yilning
23-fevralidan Toshkentdagi "Fleshka” texnomarkazida (sobiq "Malika” fabrikasi)
shu marka ostidagi telefonlarni sotib olish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Mobinfo.uz
sayti ma’lumot bermoqda.
Aytish kerakki, xaridorlarga Alcatel qurilmalarining keng
assortimenti taklif qilinmoqda. Ular orasida sodda telefonlardan tortib ko‘p
funksiyali smartfonlargacha bor. Masalan, hozirda quyidagi modellarni xarid
qilish mumkin:
Alcatel OneTouch Idol X
Alcatel OneTouch Idol Ultra
Alcatel OneTouch Idol (ikkita SIM-kartali)
Alcatel OneTouch Idol Mini (ikkita SIM-kartali)
Alcatel OT-2005D (ikkita SIM-kartali)
Alcatel OT-292 (ochilib-yopiladigan)
Bozordagi savdo xodimining ma’lumot berishicha, barcha
modeldagi Alcatel telefonlariga firmaning bir yillik kafolati beriladi. To‘g‘ri,
hozircha O‘zbekistonda Alcatel kompaniyasining xizmat ko‘rsatish markazi
tashkil etilmagan, biroq, sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunday markaz
yaqinda ochiladi.
Aniqlanishicha, Alcatel markali telefonlarning barchasi
Xitoyda ishlab chiqarilgan va birortasida ham o‘zbek tili o‘rnatilmagan.
Eng arzon
telefon – Alcatel OT-292 modeli 140 ming so‘mga baholangan. Markaning eng
qimmat smartfoni – Alcatel OneTouch Idol X esa 986 ming so‘m turadi.
Alcatel Xitoy
telefon ishlab chiqaruvchi kompaniyalari orasida O‘zbekiston bozoriga rasman
kirib kelayotgan uchinchi markadir. Bungacha mazkur mamlakatning Huawei va ZTE
(UZTE savdo belgisi) kompaniyalari o‘z mahsulotlarini O‘zbekistonda sotuvga
chiqargan.
Eslatib
o‘tamiz, 2013-yili AQSHning Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan CES-2013 maishiy
elektronika ko‘rgazmasida Alcatel OneTouch Idol Ultra modeli dunyodagi eng
yupqa smartfon tarzida taqdim etilgan.
Shuningdek,
o‘tgan yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 19 million kishi mobil aloqa
xizmatidan foydalanayotganligi va har bir oilaga o‘rtacha 3 ta uyali telefon
to‘g‘ri kelayotganligi haqida ham xabar berganmiz.