O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari muzokara o‘tkazdi
Qirg‘iziston Respublikasi bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov 3 sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovni dafn etish marosimiga tashrifi doirasida bosh vazir Shavkat Mirziyoev bilan uchrashdi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sooronbay Jeenbekov Prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan o‘zbek xalqiga Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atambaev nomidan ta’ziya izhor etdi va O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida va xalqaro maydonlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida Islom Karimovning alohida xizmatlarini e’tirof etdi.
Shavkat Mirziyoev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentiga mamlakat va xalq uchun og‘ir kunlarda qo‘llab-quvvatlagani uchun va Sooronbay Jeenbekovga Islom Karimov bilan vidolashuv marosimida qatnashgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Bosh vazirlar uchrashuv davomida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbollari, transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi.