O‘zbekiston televideniesida xorijiy ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) xorijiy ishlab chiqaruvchilarning foydalanish uchun alohida huquqlarni talab qiluvchi mahsulotlarini teleradioefirlarga joylashtirish maqsadida lisenzion huquqlarni xarid qilish bo‘yicha import shartnomalarini tanlov (tender) savdolarini o‘tkazmasdan tuzish huquqiga ega bo‘ldi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Vazirlar mahkamasining 23 avgustdagi qaroriga muvofiq, MTRK ijodiy kengashining qarori bilan shartnomalar imzolanadi.
Ijodiy kengash shakllantirgan xorijiy ishlab chiqaruvchilarning teleradio mahsulotlari ro‘yxati MTRK raisi tomonidan imzolanadi. U mahsulotlarning milliy an’ana va umumqabul qilingan madaniy qadriyatlarga muvofiq kelishiga bevosita mas’ul hisoblanadi.
Lisenzion huquqlarni sotib olish uchun import shartnomalari Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi ekspertizasidan o‘tkazilmaydi.
Lisenzion huquqlarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar MTRKning mazkur maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Markaziy bankka tegishli banklar bilan birgalikda lisenzion huquqlarni xarid qilish bo‘yicha import shartnomalarga to‘lovlarni amalga oshirish uchun mablag‘larni xorijiy valyutalarga konvertatsiya qilishni ta’minlash tavsiya etildi.