2016 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekiston doimiy aholisining soni 31 million 576,4 ming kishini tashkil qildi. Ushbu ma’lumot Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan e’lonqilindi. O‘tgan yil davomida mazkur ko‘rsatkich 553,9 ming kishiga yoki 1,8 foizga ko‘paydi.
Shahar joylari aholisi yil boshida 15,964 millionga yetgan bo‘lsa (aholi umumiy sonining 50,6 foizi) qishloq joylarida — 15,612 millionni tashkil etdi (49,4 foiz).
Tug‘ililishlar soni o‘tgan yilda 735,8 mingni tashkil qildi va 2014 yilning shu davriga (718,0 ming kishi) nisbatan 17,8 mingga ko‘paydi. Tug‘ilish koeffisienti mos ravishda 23,5 promilleni tashkil qildi va 2014 yilning shu davriga (23,3 promille) nisbatan 0,3 promillega ko‘paydi.
2015 yilda vafot etganlar soni 152,9 ming nafarni tashkil qildi va 2014 yilning shu davriga (149,8 ming kishi) nisbatan 3,1 ming nafarga ko‘paydi. Mos ravishda o‘lim koeffisienti 4,9 promilleni tashkil qildi (2014 yilda — 4,9 promille).
O‘lganlar umumiy sonidan 58,9 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 8,6 foizi — o‘sma kasalliklaridan, 5,9 foizi — ovqat hazm qilish organlari kasalliklaridan, 5,4 foizi — nafas olish organlari kasalliklaridan, 6,6 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlardan vafot etgan.
2015 yilda bir yoshga to‘lmagan 8,3 mingta bolalar o‘limi kuzatildi. Bolalar o‘limi koeffisienti 11,4 promilleni tashkil qildi (2014 yilning yanvar-dekabrida-10,8 promille).
Bir yoshgacha olamdan o‘tgan bolalarning umumiy sonidan 59,0 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 23,2 foizi — nafas olish organlari kasalliklaridan, 9,1 foizi — tug‘ma anomaliyalardan va 3,4 foizi infeksiya va parazitlar bilan kasallanganligi sababli vafot etgan.
2015 yilning yanvar-dekabrida FHDYo organlarida 287,6 mingta nikoh va 29,6 mingta ajralishlar ro‘yxatga olindi. Ming aholiga nisbatan 9,2 ta nikoh (2014 yilda — 9,6 ta) va 0,9ta ajralishlar (2014 yilda — 0,9 ta) to‘g‘ri keladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yilda respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 139,6 ming kishini, shu davr mobaynida ko‘chib ketganlar soni esa 168,6 ming kishini tashkil qildi. Migratsiya qoldig‘i minus 29,0 ming kishiga (2014 yilda — minus 38,5 ming kishi) teng bo‘ldi.