“Ko‘sem” serialining ikkinchi fasli syurprizlarga boy. Eng kattasi albatta, Ko‘sem sulton rolini aktrisa Beren Saat o‘rniga Nurgul Yashilchoy ijro etayotgani bo‘ldi... O‘zbek tomoshabiniga “Ishkomli uy”, “Kelin” seriallari orqali yaxshi tanish bo‘lgan teatr va kino aktrisasi Nurgul Yashilchoy bilan bo‘lgan eng so‘nggi suhbatni o‘zbek tilida e’tiboringizga xavola etamiz.
— “Asoratlar” loyihasini tark etganingizdan so‘ng TVda kelajak rejalaringiz bo‘lganmidi?
— Aniq rejam yo‘q edi. Ko‘nglimga yoqadigan loyiha bo‘lsa, ishtirok etaman, degan niyatda yurgandim. Timur Savji mening do‘stim, u bilan uchrashib qolganimizda “Ko‘sem”da rol o‘ynaysanmi?” deb qoldi va bu loyiha menda qiziqish uyg‘otdi.
— Davom etayotgan loyihada boshqa aktrisaning o‘rnini egallash ikkilanish tug‘dirmaganmi?
— Aslo! Xurram sulton rolini ijro etgan Maryamk Uzerli o‘rniga Vaxide Perchin tanlanganini tavakkal, desa bo‘ladi. Beren Saat bir yilga shartnoma tuzgandi. Uning qahramoni esa ulg‘aydi, aktrisa almashishi aniq edi. Shu bois “Ko‘sem”da ish boshlaganim tavakkal bo‘lmagan.
— Rolga tasdiqlanganingizda Ko‘sem sulton haqida ma’lumotga egamidingiz?
— Hukumat tepasida turgan shaxs ekanini bilardim. Boshqalarning oldida kimdir bo‘lgan, masalan, turmush o‘rtog‘i. Ko‘sem esa yolg‘iz o‘zi. 11 yoshli hukmdor o‘g‘li balog‘atga yetgach, boshqaruvni o‘z qo‘liga oladi va albatta onasi bilan to‘qnash keladi. Ko‘sem esa o‘g‘lini ta’riflab bo‘lmas darajada yaxshi ko‘radi. Boisi Murodning fe’l-atvori Ko‘semnikiga juda yaqin.
— Ko‘sem o‘z qudratidan zavq oladigan ayol. Shu bilan birga, nabirasining qotili sifatida la’natlanadi...
— Ko‘sem qay darajada sof qalb egasi ekanini tasavvur qilolmaysiz. Xalq uni juda sevadi. Bu muhabbatga nochorlarni to‘ydirib, yordam qo‘lini cho‘zgani orqali erishgan. Balki siyosiy majburiyat sabab shunday yo‘l tutgandir?! Lekin zaruriyat tug‘ilsa, yaqinlarini qatl qilishi ham mumkin.
— Oxir-oqibat o‘zining ham qatl navbati keladi. Nihoyasi ma’lum serialni nega katta qiziqish bilan ko‘rishyapti deb o‘ylaysiz?
— Tomoshabin Ko‘sem sultonni tarixiy qahramon sifatida kuzatmaydi. Uning ko‘z qarashlari, kulgisini sevadi, Ko‘sem butunlay boshqa personaj. Aslida uning tashqi ko‘rinishini yoqtirishadi. Bordi-yu Ko‘semga tarixiy qahramonga qaragandek boqsak, unga mehr qo‘ymaymiz. Men esa Ko‘sem sultonning “yuzi”man.
— Ko‘semning o‘rnida bo‘lishni istarmidingiz?
— Bu haqda o‘ylamaganman. Lekin saroyda turib, mutlaq hukmron bo‘lish yoqimli, albatta.
— Biroq u ko‘plab insoniy xislatlardan yiroq. Hatto farzandlari bilan ham samimiy munosabat o‘rnata olmaydi...
— Bu imkonsiz, u go‘yo “rok-yulduzi”dek. Bu ayol qalbga qo‘l solganida, o‘z uslubi va vazifasiga ko‘ra yondashadi. Qolaversa, u oddiygina Ko‘sem emas, balki Ko‘sem sulton! U shunday kiyinishga, serialda ko‘rsatilganidek yashashga majbur. Lekin qalban u oddiy Ko‘sem.
— Ko‘sem hayotingizda qanday o‘rin egallaydi? — Ko‘sem hayot yo‘limdagi ustozim bo‘ldi. Qiyin kunda uning yoniga borib, “Nima qilay?” deb so‘rasam, “Hoziroq boshini ol”, deya javob qaytargan bo‘lardi. Aytganini qilmasdim, albatta. Lekin birgina shu javobning o‘zidan yengil tortardim.
— “Asoratlar” serialida ishtirok etdingiz, so‘ng “Ko‘sem”. Qanday ayol qahramonlar rolini o‘ynashni afzal bilasiz?
— Hamma fe’l-atvordagi ayollar rolini ijro etishni. Prodyuser Ko‘sem rolini taklif qilganida bir soniya ham o‘ylab o‘tirganim yo‘q, darhol rozi bo‘lganman.
Nurgul 1976 yilning 26 martida Afon-Karaxisarda tug‘ilgan. Bolaligi Izmirda o‘tgan.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi