O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov 2016 yilning 2 sentyabrida 78 yoshida vafot etdi. U Mustaqil O‘zbekistonning Birinchi davlat rahbari sifatida o‘z nomini tarix zarvaraqlarida mangu muhrlanishi uchun munosib faoliyat olib bordi. Endilikda uning boshlagan siyosatini kelajak avlod davom ettiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyamizning 96-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi”.
Mazkur qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yuqori palatasi – Senat raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaradi.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev 1962 yil 5 noyabrda Toshkent shahrida tavallud topgan.
1985 yilda Toshkent davlat universiteti yuridik fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1986 yilda Toshkent viloyati Olmaliq shahar prokuraturasida stajyor sifatida boshlab, 1987-1991 yillarda Olmaliq shahar prokuraturasida bosh tergovchi lavozimida faoliyat yuritgan.
1991-1993 yillarda Toshkent shahri Yunusobod tuman prokuraturasi tergovchisi, 1993-1994 yillarda Toshkent shahar prokuraturasi bosh tergovchisi bo‘lgan.
1994-1999 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori lavozimida ishlagan.
1999-2000 yillarda Bosh prokuratura Bosh tergov boshqarmasi tashkiliy-metodik bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.
2000-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi rahbari bo‘lgan.
2003-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquq-tartibot va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisining prokuratura organlari faoliyati bo‘yicha etakchi inspektori.
2006-2008 yillarda Yo‘ldoshev soliq va valyuta oid jinoyatlar, noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti rahbari.
2008-2011 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari.
2011 yil 21 iyundan Yo‘ldoshev O‘zbekiston adliya vaziri lavozimiga tayinlangan.
2015 yil 20 yanvarida Prezident Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi bo‘lgan.
2015 yil 22 yanvar kuni Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi sifatida saylangan.