Nargiza Solmonova san’at sohasida dilini ranjitayotgan holatlar haqida aytdi
Aktrisa Nargiza Solmonova san’at sohasida dilini ranjitayotgan holatlar haqida gapirdi.
“Hordiq plyus” gazetasiga bergan intervyusida aktrisa quyidagi fikrlarni bayon qildi:
“Ilgarilari asossiz tarqalgan mish-mishlardan jahlim chiqardi. Bora-bora bunga ahamiyat bermaydigan bo‘ldim. Oldin ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim muxlislarimga javob yozolmagan vaqtimda “Bir-ikki filmda rol o‘ynab, mashhur bo‘lib qoldingizmi? Kimsiz o‘zi?” degan savollar kelgandi. Bundan judayam ko‘nglim og‘ridi. Bu kabi xabarlardan keyin ularga anchayin e’tiborli bo‘ldim. Har bir muxlisning xabariga imkon qadar javob yozishga harakat qilaman. Ayni kunlarda esa s’yomkalar bilan bandman va bunga hech ham vaqt ajrata olmayapman. Bugun hamma virtual hayotga o‘ralashib qolgan. Internetsiz o‘zini bir kun ham tasavvur qilolmaydigan insonlar juda ko‘p. Afsuski, virtual dunyoga g‘arq bo‘lib, ota-onasini haftada bir marta yo‘qlolmayotganlar uchramoqda. Ularga “Telefonni o‘chirib, atrofga nazar tashlasangiz, olamning go‘zalliklarini shu kichkina matohga almashtirayotganingizdan afsuslangan bo‘lardingiz” degan bo‘lardim.