Nargiza Salmonova: “Bir qolipga tushib qolishdan qo‘rqaman”
"Darakchi" gazetasidagi "Qaltis savol" loyihasining galdagi qahramoni tabassumi bilan muxlislar e’tiborini qozongan iste’dodli aktrisa Nargiza SALMONOVA... 1. Nargiza, “O Maryam, Maryam” filmidagi rolingizdan so‘ng tomoshabinlardan “onam sizni yomon ko‘rib qoldilar, hatto qarg‘aydilar”, degan fikrlarni ko‘p eshitadigan bo‘lib qolgansiz. Bu albatta o‘z ishingizni maromiga yetkazganingizdan darak. Shunday rollarni ijro etmaslikka o‘zingizga o‘zingiz so‘z bergan bo‘lsangiz kerag-a?
— Muxlislarning nafratidan qo‘rqmayman. Boisi boshqa ijobiy rollarim bilan ularning mehrini qozonishimga ishonaman. Rejissyorlarning taklifiga rozi bo‘lishdan avval ssenariyni o‘qib chiqaman. Agar tomoshabin uchun tarbiyaviy ahamiyat kasb eta oladigan darajadagi salbiy rol bo‘lsa, bajonidil ijro etaman. Professional aktrisa serqirra bo‘lishi lozim. Bir “qolip”ga tushib qolishdan qo‘rqaman! 2. Nargiza Salmonova uchun filmlardagi bosh qahramonlar rolini ijro etish afzalmi yo teatr sahnasida iste’dodini namoyish etish?
— Bolaligimda har gal teatrga borib, spektakl ko‘rish mobaynida aktyorlarning ijrosidan etim jimirlardi. Teatrda ishlash bu — bolalik orzuim. Nasib etsa, ibratxona sahnasida ijod qilish niyatidaman. Masalan, Yosh tomoshabinlar teatrida ishlagan bo‘lardim. Boisi bolajonlarni judayam yaxshi ko‘raman. Lekin hozircha filmlardan ortolmayapman (kuladi). 3. San’atkorlar “xolis tanqidni qabul qilaman”, deyishadi. Sizning tushunchangizda xolis tanqid qanday?
— Bilasizmi, jamoat joyida tanqid qiladiganlarni xushlamayman. Xolis tanqid bu — yakkama yakka suhbat. Masalan, o‘qituvchi o‘quvchisiga sinfdoshlarining yonida “yomon o‘qiysan”, deb kamsitaversa, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yo‘qolib boradi. Bu jarayonga bolaligimda guvox bo‘lganman. O‘rinli tanqid qilishmoqchi bo‘lsa, marhamat chetga olib, fikrlarini yuzimga aytishlari mumkin. 4. Kinoda sizga munosib “turmush o‘rtoq” — Adiz Rajabov, Akbarxo‘ja Rasulov, Aziz Rametov, Sherzod Bin?
— Adiz Rajabov va Aziz Rametov. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim Adiz Rajabov ishtirok etgan filmlarni sevib tomosha qilardim. Bu aktyor bilan partnyor bo‘lib ishlash orzuim edi. Shu sabab hozir birorta filmda partnyorim Adiz Rajabov ekanini bilsam, quvonchim ichimga sig‘maydi. Aziz Rametov bilan esa “ELDIDO” guruhining “Seni deb” qo‘shig‘ining klipida ishlaganmiz. Bor yo‘g‘i bir marota partnyor bo‘lganimizga qaramay, iliq taassurot qoldirgan. Chunki partnyor sifatida so‘zsiz his-tuyg‘uni ko‘z orqali bera olgan. Afsuski, o‘shandan keyin hamkorlik qilish nasib etmadi. 5. Shunchaki ekranda ko‘rinish uchun gonorar olmay suratga tushgan filmingiz ham bormi?
— Yashirmayman, debyutant aktrisa ekanimda filmlardan gonorar olmay suratga tushganman. Lekin rejissyorni noqulay vaziyatda qoldirmaslik uchun filmlarning nomini sanab o‘tishni istamasdim.
6. Ba’zi xonanda va aktrisalarimiz sun’iy “go‘zallik”ka ruju qo‘yishgan. Sizda ham qosh terish, soch kesish, “botoks” turli xil sun’iy muolajalar qilish degandek rejalar yo‘qmi?
— Aslo! Gapingizda jon bor, ko‘pchilik qizlar sun’iy go‘zallikka ruju qo‘yishyapti. Bu juda achinarli xolat. Axir yoshlikning o‘zi tabiat in’om etgan go‘zallik-ku! Hatto pardoz qilganda, u tabiiy chiqishiga e’tibor qaratish kerak.
7. Siz shu paytga qadar qaysi rejissyorning filmida bir bor bo‘lsa-da suratga tushishni istagansiz-u, bunga muvaffaq bo‘lmagansiz?
- O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida o‘qib yurgan kezlarim rejissyorlar Yolqin To‘ychiev, Mirmaqsud Oxunov, Abduvoxid G‘aniev, Hilol Nasimovning filmlarida ishlashni orzu qilardim. Shukr niyatimga yetdim. Yaqinda Ayub Shahobiddinov hissa qo‘shgan “Sadoqat” nomli filmda suratga tushdim. Lekin bu hisob emas (kuladi). Shu rejissyor bilan ishlash orzum hali amalga oshmadi. 8. Ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifangizga “Chinakam baxt bu — sevgidan qurilgan oila. Ishq mas’uliyati bilan poydevori mustahkam, “meva”lari shirin”, deya izoh qoldirgansiz. Sevishga ulgurdingizmi, sevilishga-chi?
— Sevilishga ulgurdim, menga ko‘ngil qo‘yganlarning tuyg‘ularini hurmat qilaman. Lekin ko‘nglimdagi insonni uchratmaganim bois ularga rad javobini berdim. Kattalarning orzu-havasi uchun oila qurish istagim yo‘q. Niyatim oilam poydevori sevgi atalmish sof tuyg‘uga qurilsa! 9. Instagramdagi shaxsiy sahifangizda “Mingta “asalim, shakarim”, deydigan tulki dugonalardan ko‘ra, bitta jaydarisi yoningda bo‘lsin!” deb izoh yozib qoldiribsiz. Dugonalardan “kuyganmisiz” deyman?
— Rosti, qizlardan samimiyatni izlashdan charchadim. Bu fikrim bilan atrofimdagi hamma nosamimiy deyish fikridan yiroqman. Odamga erish tuyuladigan gap-so‘zlar menda salbiy taassurot qoldiryapti. Shu sabab erkakshoda, jaydari, chapani, dili va tili bir insonlar bilan do‘stlashish qulayroq. Maxsus savol! 10. Shahzoda Muhammedova, aktrisa: — Oxirgi vaqtlarda ko‘pchilik rejissyor va prodyuserlardan “Nargiza to‘lishibdi, bosh rollarni taklif qilish haqida o‘ylab qoldik”, degan gaplarni eshitdim. Shu fikrlarga chek qo‘yib, avvalgi qomatingga qaytib barchani lol qoldirolasanmi?
— (Istehzoli kulgu bilan) Ajoyib savol. Shukr ijoddan to‘xtaganim yo‘q. Siz bilan ham rejissyor Abduvoxid G‘anievning yangi filmini suratga olish jarayonidan bo‘shab suhbatlashyapman. Qolaversa, ko‘plab kliplar, reklama roliklaridan takliflar tushyapti. Men ham sog‘lom odamlar qatori biroz to‘lishgan bo‘lishim mumkin. Lekin qomatimdan norozi emasman, sport bilan ham muntazam shug‘ullanaman. Ko‘zguga qarab, tabassum bilan “dunyodagi eng go‘zal, eng omadli insonman!” deyishning o‘zi kifoya.