Munisa Rizayeva: “Hurmat qilib xizmatiga borsak, nega yuzimizga pul sochishadi?!”
Munisa Rizayeva avvaliga O‘zbek Milliy va zamonaviy estrada qo‘shiqchiligi san’atida o‘zining folklor qo‘shiqlari bilan hissa qo‘shib, muxlislar qalbini zabt etgandi. Bugun uning qo‘shiqlari ham, shu qo‘shiqlarga oshufta qalbli muxlislari ham ko‘p. Xonada nafaqat ijodiy, balki ochiqko‘ngil va dangalligi bilan ham muxlislariga yoqadi. Quyidagi suhbatimizni o‘qish davomida bunga o‘zingiz ham amin bo‘lishingiz mumkin.
— So‘nggi vaqtlarda jurnalistlardan yaxshigina ranjiganingizni suhbatga ancha o‘ylanib rozi bo‘lganingizdan payqash qiyin bo‘lmadi.
— Ayrim jurnalistlar san’atkorlarni tushunishni istashmaydi. Umuman olganda, ular san’atkorning hayoti, kun davomida qiladigan ishlari, ijod jarayonidagi mashaqqatlar va kayfiyati bilan hisoblashmay turib, biz haqimizda “Yulduz” bo‘lib qolgan. Shuning uchun intervyu bermaydi, chaqirgan vaqtimizda kelmaydi”, deydi. Masalaning asl sababini bilmaydi-ku! Jurnalist taklif qilgan vaqtida san’atkorning tobi yo‘q bo‘lishi yo biror yaqini vafot etgan bo‘lishi mumkin. Yoki o‘sha san’atkorga tahdid qilishgandir... Bizning ham hayotimizda turli kutilmagan vaziyatlar bo‘lib turadi. Bu esa “yulduzlik kasali”ga chalindi, degani emas. Shunchaki jurnalistning xohishi bilan san’atkorning imkoniyati mos kelmay qoladi, xolos. Iltimos, bizni tushunishga harakat qilinglar! — Jurnalistlarniku-ya ko‘ngliga yo‘l topa olmabsiz. Muxlislarnichi doim xursand qilishning uddasidan chiqolyapsizmi?
— (O‘ylanib) Oxirgi paytlarda “Nima uchun Munisa Rizayeva xalq xizmatlari yordam uchun bepul xizmat qilmaydi?” yoki “Taklif qilsak kelmaydi?”, deya muxlislar mendan xafa bo‘lishyapti. Ochig‘i, xalq xizmatlariga pulga muhtojiligimdan bormayman. Sababi esa oddiy! Shunchaki vaqtim yoki imkoniyatim bo‘lmasligi mumkin. Iltimosim shuki, yaxshi kuningizga taklif qilmoqchi bo‘lsangiz, avvaldan adminstratorim Jahongirga qo‘ng‘iroq qiling! “Munisa Rizayeva yordam sifatida bepul xizmat qilib bersin”, deb ogohlantirib qo‘yishsa, albatta, boraman! Oxirgi paytlarda ba’zi jurnalistlar san’atkorlar bilan yaqinroq bo‘lishgani bois “Akam yo qarindoshim to‘y qilayotgandi”, deb aldab to‘yga olib borib, to‘y egalari bergan pulni esa o‘zlariga olib qolishayotgan ekan. O‘sha jurnalistlarga aytadigan gapim — hech qachon bizdan so‘ragan yordamingiz yoki taklif qilgan tadbiringizda xizmat qilishdan bosh tortmaymiz. Shunday ekan, yolg‘on gapirishning hojati yo‘q! Biz san’atkorlar sizlarni xurmat qilamiz. Shunga yarasha javob qaytishidan umid qilamiz! — Ayol kishi uchun ko‘proq nima muhim?
— ...nima demoqchi ekaningizni tushundim! Oila qurish — eng jiddiy qadamlarimizdan biri. Aksariyat qizlar zaruriyat yuzasidan turmushga chiqishadi. Lekin men bir marotaba turmush qurib, umrimning oxirigacha o‘sha inson bilan baxtli hayot kechirishni istayman! Shuning uchun haligacha turmushga chiqmadim (kuladi). Bu bilan hech kimning menga uylanish istagi yo‘q, demoqchi emasman. Shunchaki, tanlov jarayoni cho‘zilib ketdi. Turmush qurish taklifini bildirayotgan odamni ikkinchi yarmim, deb tasavvur qila olmas ekanman, turmushga chiqmayman. Qolaversa, hozir ijod sari shahdam qadamlar tashalayotgan paytdaman, chalg‘ishni istamayman. — Ko‘nglingizni zabt etgan inson bormi?
— Uchrab turadi... O‘sha insonni o‘rgana boshlaganimda, qandaydir salbiy “qirra”lari ochilib qoladi. Asl qiyofasi esa meni o‘zidan itaradi. Iloji boricha kimgadir bog‘lanib qolmaslikka harakat qilaman. — Munisa Rizayevaning kunlik ish rejasi tartibi qanday?
— Tan olaman, tongim kech otadi. Aksariyat san’atkorlarning kuni kech uyg‘onish bilan boshlanadi. Sababi, tunni ijod qilish bilan o‘tkazamiz. Uydan chiqib, belgilangan uchrashuvlarga boraman. Soat 16:00dan 17:30gacha sport zalida shug‘ullanaman. U yerdan chiqib, go‘zallik saloniga otlanaman. Tabiiyki, xalq xizmatiga yo‘l olaman. To‘g‘risini aytish kerak, bo‘sh vaqtim bo‘lmaydi. — Nega viloyatlar bo‘ylab gastrol safarlari uyushtirmaysiz?
— Poytaxtda xizmat qilish osonroq. Bir bor viloyatga xizmat safariga borganimizda shirakayf odamlar tahdid qilishgan. Shundan beri viloyatlarga chiqmay qo‘yganman. Chunki o‘sha vaziyatlarda hech kim bizga yordam bera olmagan. Viloyatga xizmatga chaqirishni istagan muxlislarimiz xavfsizligimni ta’minlab berishsa takliflarini rad etmayman. — Yana nimalardandir norozideksiz?
— Rosti, xalq xizmatlarida menga tahdid va xurmatsizlik qiladigan to‘y egalaridan charchadim! Pulni kelib yuzimga sochib ketishadi... Shu madaniyatli odamga xos ishmi? Shu sabab, ba’zida to‘y egalari bilan nizoli vaziyatlarga tushib qolamiz. Kamiga haqoratlashadi, tosh otishadi... Halol xizmatimizga bo‘lgan munosabat shumi?! Shaxsiy avdovati bo‘lsa, o‘zimga gapirmaydimi. Odamlarning ko‘z o‘ngida o‘z “men”ini ko‘rsatishdan nima naf? Bunday hurmatsizlikdan so‘ng qaysi san’atkor kulib turib, sahnada qo‘shiq ayta oladi? Janjalni boshlab qo‘yib, yana san’atkorning ustidan shikoyat ham qilishadi. Tarsaki tushirganimdan so‘ng pul ham talab qilganlar bo‘lgan. Huquq-tartibot xodimlariga esa haqligimni isbotlay olmaganman. Maqsadi san’atkorni javobgarlikka tortib, ko‘proq jarima undirish. Bularning barini o‘z tajribamdan kelib chiqib aytyapman. — Munisa Rizayeva sa’natdan ketish yo qolish tanlovidan qay birini tanladi?
— San’atni tark etish vaqti kelgandagina ketaman, hozir emas (kuladi)! San’at men uchun shunchaki xobbi. Kelajakda prodyusserlik markazi ochish yoki yosh xonandalarga homiylik qilish niyatim ham yo‘q emas. Ertaga nima bo‘lishini hozirdan hech kim ayta olmaydi... — Unda ijtimoiy tarmoqlar orqali san’atni tark etish qaroriga kelganingizning boisi nimada edi?Odamlarning gap-so‘zlari charchatganmidi? Yuqoridagi javobingizdan ko‘rinib turibdiki, tarqalgan rasmdagidek uzala tushib yotib oladigan emas, aksincha, yana oldinga harakat qiluvchilar toifasidan ekansiz...
— Albatta! Axir mening aybim yo‘q, buni ko‘pchilik biladi. Ayrimlar esa sa’atda faoliyat yuritishimni istashmayapti. Odamlarning har bir qadamimni telefonlariga rasm va videoga olib tarqatishlari, umuman doimiy ravishda meni ta’qib qilishlaridan charchadim. Sha’nimni yer bilan bitta qilishning nima keragi bor? Qiz bola-ku, deb o‘ylashmaydimi? Har bir odamning o‘ziga yarasha shaxsiy hayoti bor, axir. San’atkorlar ham xato qilamiz, siz kabi oddiy odammiz! Tug‘ilgan kunimizni yaqinlar davrasida o‘tkazish, raqs tushish, kayfiyatimizni o‘zimiz ko‘tarish, sevgan insonimiz bilan esdalik uchun rasmga tushishga haqqimiz yo‘qmi? Ba’zi odamlar esa meni nuqul yomon tomonlama ko‘rsatishga harakat qilishadi. Ayrim san’atkor ayollar kabi ichmayman, chekmayman! Men xonanda Manzuraning qo‘shig‘iga raqsga tushishim mumkin emasmi? Odamlar nega siz nuqul vaziyatni yomon tomonlama olib ko‘rsatishga harakat qilasiz? Men qaerda istasam, shu yerda raqsga tushishim mumkin. Mana suhbat jarayonida ham guvoh bo‘lyapsiz, men juda ham emotsional... qizman. Nohaqliklarni yuragimga tez qabul qilaman. Albatta, yemagan somsaga kimning pul to‘lagisi keladi? Masalan, har il odamlar bor-da (telefonini qo‘liga olib) telefonga qarashadi, — Voy, juda ham chiroyli telefon, ichida yaxshi dasturlari bor ekan, qulay ekan... Yoki bo‘lmasa yana birov — Voy, nima bu, telefonmi, ayfonmi, nokia bor bizda. Arzimaydi, bahosiga... Tushunyapsiz-a? Kimga qanday qulay bo‘lsa, vaziyatga har xil ko‘z bilan qarashlari mumkin. Ochiq aytaman, bugungi kunda o‘zimga yarasha dushmanlarim ham bor, chunki men ular bilan raqobatlasha olyapman. Albatta, ularga orqamdan sanchish orqali meni sahnadan uloqtirishga harakat qilishlari tabiiy-da... Xullas, Rossiya xalq artisti Alla Pugachyova aytganidek, kimdir men haqimda gapiryaptimi, demak, men shunga arziyman, kimgadir kerakman. Hatto shuning uchun ham kuylayshim mumkin. Lekin men xafa bo‘laman, chunki ular o‘ylaganidek yomon inson emasman. Va, meni hech qachon umrimda qilmagan ishimda ayblashyaptimi, mening yuragim albatta, bu yara bo‘lib qoladi... Kimlargadir kerak ekan mening yuragimni yaralash... Aslida esa xalqda bir maqol bor. — Sen bir insonga loy sachratib, uni yomonotliq qilarsan, lekin shunday kunlar keladi, haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi. Lekin seni shu ishlarda qo‘ling borligi uchun, qo‘llaring harom bo‘lib qolaveradi...
Manba: “Darakchi” gazetasi
Mohichehra EShMIRZAYEVA suhbatlashdi