Kamharakat hayot tarzi va zararli odatlar butun organizmga, shu jumladan, miyaga ham ziyon yetkazadi. Yosh o‘tgan sayin Alsgeymer kasalligining yuzaga kelish va rivojlanish xavfi oshadi.
Hayotiy muhim organ barvaqt keksayishining oldini olish uchun bir nechta foydali maslahatlarga quloq tutish kerak.
Ovqatlanish odatlaringizni o‘zgartiring
Sog‘lom ovqatlanishga rioya qilish nafaqat qomat va umumiy salomatlik uchun, balki miya uchun ham foydalidir. Odatlaringizga oddiy o‘zgartirishlar kiritishdan boshlang. Masalan, kechki qahvani ko‘k choyga almashtiring. Unda kamroq kofein va ko‘p antioksidantlar bor, ular miya hujayralarini zararlardan himoya qiladi. Dudlangan mahsulotlar iste’molini kamaytiring.
Har kuni hech bo‘lmasa, 20 daqiqadan sport bilan shug‘ullaning
Harakatlanish bilan bog‘liq faollik miya salomatligini qo‘llab-quvvatlab turish uchun zarur. Aerobika qon aylanishini tezlashtiradi, xotirani yaxshilaydi va miyaning yangi hujayralari o‘sishini kuchaytiradi. Yangi neyron aloqalar shu tariqa paydo bo‘ladi.
Qulaylik hududini tez-tez tark etib turing
Miyani turli vazifalar bilan zo‘riqtirsangiz, u yoshligini uzoq vaqt saqlab qoladi. Keng tarqalgan fikrlarga qaramay, miya dasturlashtirilmagan, balki o‘zgarishga qodir. Istasangiz, masalan, eski odatlardan xalos bo‘lib, ularning o‘rnini yangilari bilan almashtirish mumkin. Miyaning bu xususiyati neyroplastiklik deyiladi.
To‘yib uxlang
Uyqu vaqtida limfatik tizimimiz miyani neyrotoksinlardan, shu jumladan, Alsgeymer kasalligini chaqiradigan beta-amiloidlar va tau-oqsildan hamda Parkinson kasalligiga sababchi bo‘ladigan alfa-sinukleindan tozalaydi. Miyani tozalash jarayoni vaqt talab qiladi. Aynan shu sababli odam sutkasiga 7—9 soat uxlashi kerak.
Faol muloqotda bo‘ling
Yosh o‘tgan sari bizning muloqot doiramiz torayib, biz kamroq odamlar bilan suhbatlasha boshlaymiz. Boshqalar bilan kamroq gaplashadigan odamlarda aqliy qobiliyatlar kirishimli kishilarnikiga nisbatan 70 foizga pasayib ketar ekan.
Manba: “Layfxaker”