"Meni kechir". Siyqasi chiqqan mavzuga yangicha yondashuv
Alisher Navoiy kino saroyida rejissyor Durdona To‘laganovaning "Meni kechir" nomli yangi filmi premerasi bo‘lib o‘tdi.
19 dekabr kuni Alisher Navoiy kinoteatrida “Sarob”, “Koreyalik kelin”, “Ayriliq”, “Ojiza” kabi filmlari bilan kino ixlosmandlariga yaxshi tanish bo‘lgan rejissyor Durdona To‘laganova “Meni kechir” nomli yangi filmini tomoshabinlar e’tiboriga havola etdi.
Filmda rollarni O‘zbekiston xalq artisti Elyor Nosirov, qiziqchi To‘xtamurod Azizov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulchehra Sa’dullayeva, Muyassar Berdiqulova, aktrisalar Shahzoda Muhammedova, Muqaddas Sa’dullayeva, xonanda Ali Otajonov ijro etishgan.
Bu kartinada ham o‘zbek filmlarida mumtoz mavzuga aylanib ulgurgan qaynona-kelin munosabatlari haqida so‘z boradi. Bugun jamiyatimizda uchrab turadigan ba’zi muammolar, oilaviy masalalar, qaynona-kelin o‘rtasidagi muomala va oilada erkak kishining o‘rni yo‘qolib borayotgani, arzimas sabablarni deb yosh oilalarning ajrashishgacha borib yetishi, bolalar yetim qolishi, kattalarning bu vaziyatda tomoshabin bo‘lib turishi, yoshlarni yo‘lga solish o‘rniga, ularni “qo‘llab-quvvatlashi” filmda o‘z ifodasini topgan.
Ko‘p yillik tajribaga ega aktyorlar Elyor Nosirov, To‘xtamurod Azizov, Gulchehra Sa’dullayeva, Muyassar Berdiqulova filmning asosiy muvaffaqiyatini tashkil etyapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Darvoqe, bu o‘rinda ssenarist va rejissyorning dialoglar orasidagi so‘z o‘yinlariga alohida e’tibor qaratgani voqealar o‘zgarish jarayonida tomoshabinning e’tiborini bir yerga jamlashda katta xizmat qildi. Gulchehra Sa’dullayeva ijrosidagi yumshoq supurgi bo‘lib ko‘ringani bilan, makkorgina qaynona va Muyassar Berdiqulova ijrosidagi qahri qattiq qaynonalar tomoshabinni, ayniqsa, o‘zbek qaynonalarini mushohadaga undasa ajabmas.
Elyor Nosirov va To‘xtamurod Azizovning yaratgan obrazlarida esa biroz qat’iyat yo‘qdek. Qaynota va kuyov kelinni yomonotliq qilib, uni behayolikda ayblasayu, qizning otasi ularga munosib javob qaytara olmasa, hatto kuyovning qo‘lidagi telefonni olib, sms’ni o‘qib ko‘rmasa, yoqasidan tutmasa, qizining sha’ni uchun kurashmasa... Tomoshabin Elyor Nosirov ijrosidagi obrazdan aynan shunday emotsional holatlarni kutgan edi.
Filmning yechimi ham juda oddiy bo‘lib qolgandek. Boshi devorga urilib, sevgan qizi asli kimligini bilgan kuyov (Ali Otajonov) turmush o‘rtog‘i (Muqaddas Sa’dullayeva)ni yana uyiga olib ketadi. 3 oy avval kelinni behayolikda ayblab, uni uydan haydagan qaynota kelinni quchoq ochib kutib oladi. O‘g‘il esa o‘z xatosini ota-onasiga tushuntirib ham o‘tirmaydi. Albatta, bunday holatlar bugungi kunda ba’zi oilalarda uchrab turishi ham bor gap. Filmdagi qahramonlarning real prototipi yo‘q, shunchaki to‘qima obraz emasligini voqealarning odamlar hayotiga yaqinligidan ham sezish qiyin emas.
Yosh aktyorlar Ali Otajonov, Shahzoda Muhammedova, Muqaddas Sa’dullayeva o‘ziga berilgan vazifani yetarlicha uddalay olishgan. Tomoshabinlarda ularning ijrosi yuzasidan e’tirozlar tug‘ilmadi.
Shuningdek, operatorning ishida va montajda ham bir qator xatolar ko‘zga tashlandi. Chiroqlarni joylashtirish, kadrdan-kadrga o‘tishda biroz kamchiliklar ham yo‘q emas, albatta. Filmning qisqaligidan ma’lumki, u tayyor bo‘lgach kartinada ba’zi lavhalar kesib tashlangan. Voqealarning bir-biriga ulanmay qolganining sababi ham shundandir, balki.
To‘g‘ri, mavzu siyqasi chiqqan. Biroq hamma gap, unga qanday yondashishda. Rejissyor Durdona To‘laganova filmga tomoshabin nigohi bilan yondasha olgan. Shu sababdir kino nihoyasiga yetmaguncha tomoshabinlar zalni tark etmadi.