U yerda olingan bilim va tajriba Manzurani vokal ustasi sifatida shakllantiradi. Yosh bo’lishiga qaramay Manzura, «Karubina» ariyasini «Neymer» orkestri jo’rligida kuylaydi. Katta diapazon bilan hammani hayratga solgan Manzura o’zida yangi kuch sezgach, faqat oldinga intilish zarurligini tushunib yetadi.1996 yilda Manzura opasi Nigina va dugonasi Nargiza bilan «Sebonu» guruhini tuzadi. Iqtidorli xonanda Ravshan Zokirov boshchiligida trio 2 ta qo’shiq yozib, «Ofarin-96» ko’rik-tanlovida 2-o’rinni egallaydi. Kutilmagan burilish har uch ijodkorni xam quvontiradi. Natijada solist Manzura shu yili Uspenskiy nomidagi musiqa maktabini tugatib, Toshkent Davlat Konservatoriyasida o’qishini davom ettiradi. U paytga kelib guruxdagi Nargiza o’zini san’atshunoslikka bag’ishlaydi. Omadli trio esa sekingina «Osiyo» duetiga aylanadi.
1997 yilda, guruhga «Bisko-biznes» firmasi katta yordam beradi. Muhiddin Qamariddinov boshchiligida ular o’zlarining birinchi «Yolg’izim» nomli albomlarini chiqaradilar. Shu yilning o’zida ular shu qo’shikka klip xam olib, tezda muxlis orttirib tanila boshlaydilar. Ikkita hit «Yolg’izim» va «Men seni sevaman» juda ommalashadi.
2000 yil. Guruh tarkibida yana bir o’zgarish. Duet sologa aylanadi. Nigina o’zini dizaynerlik sohasida sinash maqsadida guruhni tark etadi. Shunda Manzura prodyuser Rustam Sa’diev boshchiligida yakkaxon faoliyatini boshlaydi. Yangi prodyuser bilan hamkorlik, xonandaning ijodiga ijobiy ta’sir etib, omadli keladi. Manzura 2000 yilda rejissyor Madina Mo’minovaning «Tohir va Zuhra» musiqiy filmida boshqa kino yulduzlar bilan suratga tushishga taklif etiladi.
Yakkaxon faoliyatini omadli boshlagan Manzura, mehnatining samarasini 2002 yilda ko’radi. Aniqrog’i, aynan shu yili u Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan «Nihol» davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Xalq e’tiboriga tushib, mukofot egasiga aylangan har bir san’atkor, o’ziga yuklatilgan mas’uliyatni his qilib, yanada ko’proq ijod kilishga bel bog’laydi. Manzura aynan shu yili «Muhabbat sinovlari-1» filmida suratga tushishga va kartinadagi hamma saundtreklarni kuylashga muvaffaq bo’ladi. Rejisssyor Rustam Sa’diyevning filmida yangragan har bir saundtrek qisqa vaqt ichida ommalashadi. 2004 yilda xalq talabiga binoan, «Muhabbat sinovlari-2» katta ekranga chiqadi. Ushbu film uchun xam saundtreklarni Manzura kuylaydi.
2004 yilning yana bir esda qolarli voqeasi: Manzura o’zining kutilgan birinchi «Bevafo» nomli yakkaxon kontsertini «Turkiston» saroyining yozgi binosida o’tkazadi. Yil so’ngida esa uning shu nomli ilk albomi ham sotuvga chiqadi. 2005 yilda «Nahotki sen» filmi tomoshabinlarga taqdim etiladi. O’sha paytga kelib soundtreklar malikasiga aylangan Manzura yangi filmdagi barcha qo’shiqlarni kuylab, ommalashtiradi. Keyin esa «Nahotki sen» nomli navbatdagi to’plam xam, qisqa vaqt ichida o’z muxlislarini topadi. 2006 yilda Manzura «Yilning eng yaxshi imidji» nominatsiyasida «Tarona» mukofotini qo’lga kiritadi. 2007 yilda esa butkul yo’nalishini o’zgartira boshlaydi.
Har qanday tajriba san’atkorning ijodiga yangi nafas olib kiradi. Manzura ijodiga, repertuariga kiritgan o’zgartirishlari talabchan muxlislar tomonidan yaxshi qarshilanadi. Xonanda optimistik ruhiyatda, yangi qarashlar bilan «Tushlarimga kir» albomini yozib tugatadi. Mazkur to’plamdan uning xit qo’shqlari, jumladan, «Panoh» filmiga ishlangan «Afsusdaman» soundtreki ham o’rin egallaydi. 2007 yilda Manzurani yana katta kino kutib turgandi. Endi uni bosh qaxramon sifatida texnologik film «Sevginator»ga taklif etishadi. 3 yil davomida O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Minavvara Abdullayevadan aktyorlik mahoratidan saboq olgan Manzura ikkita obraz: robot va o’qituvchi qiz (Maftuna)ni mahoratli va ishonarli talqin etadi. Rejissyorning qo’ygan talablarini qiyinchilik bilan bo’lsa-da uddalagan xonanda qo’liga mikrofon olib qo’shiq kuylashdan tashqari, yaxshigina aktrisa ekanligini ham isbotladi. Tomoshabinlar tomonidan katta qizikish bilan kutib olingan kartina, «Ijodiy parvoz» kinofestivalida gran-prini qo’lga kiritadi. 2009 yilda Manzura «Majnun va Layli» nomli albomini chiqaradi. Shu yilning o’zida izlanuvchan ijodkor, «M&TVA» milliy taqdimotida yilning eng yaxshi ayol xonandasi nominatsiyasida g’olib buladi. Bundan tashqari uning «Majnun va Layli» nomli kompozitsiyasi «Tarona» taqdimotida yil qo’shig’i deb e’tirof etiladi.