Sitrus mevalari oilasining kenjatoyi – mandarinni barchamiz sevib iste’mol qilamiz. U nafaqat mazali, balki foydali hamdir. Ko‘p gapirib nima qildik, mandarinning siz bilgan va bilmagan xususiyatlari bilan tanishing!
Kichkina «tabib»
Mandarinxo‘rlik bu nafaqat yoqimli mashg‘ulot, balki turgan–bitgani organizm uchun foydadir. Bir dona mandarin tanovuli ko‘z qovoqlari terisi uchun muhim bo‘lgan – A vitaminini, asab tizimi faoliyatini rag‘batlantiruvchi – C va V1 darmondorilarini va bo‘g‘imlar salomatligi uchun zarur hisoblangan K vitaminini ulashadi.
Yangi siqilgan mandarin sharbati bolalar uchun parhezbop ichimlik hisoblanadi. Farzandingizning allergiyaga moyilligi bo‘lmasa, shamollash va grippga qarshi profilaktika chorasi sifatidagi mandarin sharbatidan foydalanish mumkin.
Xalq tabobatida mandarin po‘stlog‘idan tayyorlangan qaynatma quruq yo‘tal xurujlarini kamaytirishda tavsiya etiladi.
Tumov va burun bitishi bezovta qilganida, mandarin po‘stlog‘i qaynatilib, bug‘ida nafas olinadi.
Tez–tez boshi og‘rib turadiganlar uchun ham mandarinning nafi tegishi mumkin. Archilgan mandarin po‘stlog‘ini 5-8 daqiqa davomida hidlash, bosh miyadagi og‘riq refleksini kamaytirishi mumkin.
Zamburug‘lar «xujum» qilgan teri va tirnoqlarni mandarin sharbati bilan tez–tez artib tursangiz, bezovtalikdan asar ham qolmaydi.
O‘n ikki barmoqli ichak va oshqozon yarasi, gastrit, kolit, ichak yallig‘lanishi, xolesistit, gepatit va kuchli nefritda mandarin iste’moli tavsiya etilmaydi.
Terimga tirtiq tushdi, debmidingiz...
Mandarin po‘stlog‘idagi efir moyining naqadar foydali ekanligini bilganingizdami... Aynan ushbu efir moyi qo‘shilgan krem va zardoblar yuzdagi har qanday muammoni hal qiloladi. Shuningdek, sellyulit bilan kurashishda ham u tengsizdir. Homiladorlikda qorin va son terisiga tirtiq tushdimi, mandarin po‘stlog‘idan olingan efir moyini yordamga chaqiring. Efir moyini dorixona hamda go‘zallik vositalari sotiladigan do‘konlardan topish mumkin.
Xonimlar, niqob tayyorlaymiz!
Bir dona po‘sti tozalangan mandarinni bo‘tqa holiga keltiring-da, bir choy qoshiqda asal yoki smetana bilan aralashtirib oling. Niqobni kosmetika vositalaridan tozalangan yuz terisiga 15-20 daqiqaga surtib qo‘ying. Go‘zallik muolajasi haftasiga ikki marotaba bajarilsa, yuz terisi mayinlashadi.
Yarim hovuch quritilgan mandarin po‘stlog‘ini maydalab, talqon ko‘rinishiga keltiring. Bir dona tuxum sarig‘i, bir osh qoshiqdan un va smetanani qo‘shib, aralashtiring. Skrab bo‘yin va yuz terisiga surtilib, yengil uqalanadi. So‘ng 15 daqiqadan so‘ng iliq suvda chayib olinadi.
Oshxonaga marhamat qilsinlar!
Choy damlayotganda, choynakka bitta mandarin po‘stlog‘ini qo‘shib yuboring. Choyxo‘rlikdan bosh ko‘tarolmay qolasiz!
Quritilgan mandarin po‘stlog‘ini oshxona jovonlarining burchagiga qo‘yib chiqing. Yoqimli ifori ancha paytgacha sizni xursand qiladi.
Kiyim javonlari, ayniqsa, paypoqlar saqlanadigan bo‘lmaga, albatta, quritilgan mandarin po‘stlog‘ini tashlab qo‘ying. Oyoq terlashi va kir yuvish vositalarining aralash hididan halos bo‘lasiz.
Mandarin po‘stlog‘ini ingichka to‘g‘rab, ozroq shakar bilan aralashtirasiz. So‘ng olovda qaynatib olsangiz, kifoya. Sariyog‘li non ustiga surtib yeyish uchun mazali jem tayyor!
Shampun idishining ichiga maydalangan mandarin po‘stlog‘ini solib qo‘yish mumkin. havotirlanmang, bundan soch yuvish vositasi zarar ko‘rmaydi, aksincha, hidi yanada yaxshilanadi.
Anora MAJIDOVA tayyorladi