Majit Karimov bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlandi
TDTU rektori vazifasida ishlagan Majit Karimov bosh vazirning yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” nashri.
Majit Karimov bosh vazirning o‘rinbosari, Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari kompleksi rahbari etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Hukumat portalima’lumotlari guvohlik bermoqda.
Texnika fanlari doktori, professor Majit Karimov (1956 yil tug‘ilgan) bunga qadar Toshkent davlat texnika universiteti rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Mazkur OTM sayti ma’lumotlariga ko‘ra, u Toshkent politexnika institutining «Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari fakulteti"ni tamomlagan (1979 yil). Turli yillarda TDTU kompyuter texnologiyalar fakulteti dekani, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti prorektori va rektori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Nashrning ma’lumot berishicha, Farhod Rizaev Toshkent davlat texnika universiteti rektori etib tayinlandi. U bunga qadar Vazirlar mahkamasining yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha Axborot-tahlil departamenti mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, may oyida bosh vazirning yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Hodiev Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori etib tayinlangan edi.