“Kuzda Gullagan Daraxt” Melodramik-Drama Tez Kunda
Tez kunlarda katta ekranlarga chiqishi kutilayotgan yangi kinokartina “Kuzda gullagan daraxt” deb nomlanadi. Kuzda ham daraxt gullaydimi?.. Bu savol ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy, nima uchun film bunday nomlangan, haqiqatdan ham shunday daraxt bormi... Film premerasidan so‘ng ana shu savollarga javob topishingiz mumkin bo‘ladi.
“ACTOR ACTION” studiyasi tomonidan yaratilgan mazkur film melodramik-drama janrida yaratilgan. Taniqli aktyor Alisher Uzoqovning navbatdagi rejissyorlik ishi hisoblangan yangi kartinada el nazaridagi, iste’dodli aktyorlar ansambli jalb etilgan. Ya’ni, Ra’no Yarasheva, Ra’no Shodiyev, Shahzoda Matjonova, Alisher Uzoqov, Bobur Yo‘ldoshev, Farhod Abdullaev kabi taniqli ijodkorlar ishtrok etishgan.
Filmda asosan, bugungi kunda atrofimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarda insoniy munosabatlarning o‘rni, odamlar orasidagi mehr-oqibat va oilada yaqinlarning qadr-qimmati kabi g‘oyalar ilgari surilgan. Hayotda har bir insonning aziz ekani, bir-birini e’zozlash lozimligi, qolaversa eng nozik tuyg‘ularda adashmaslik zarurligi kartinaning asosiy mavzusi hisoblanadi. Ssenariy ustida bir yildan ortiq vaqt ishlagan Alisher Uzoqov, filmni tasvirga olish jarayonlarida ham ancha murakkabliklarga uchradi. Ammo, oldiga qo‘ygan maqsadi sari intilgan rejissyor buning uddasidan chiqdi, deyishimiz mumkin. Albatta bunga eng oliy hakam hisoblanmish tomoshabinlar baho berishadi.
Filmda rejissyorning taklifi bilan kartina direktori vazifasini bajargan Camedy.uz rezidenti Inoyatillo Sattorov shunday deydi: “Filmning eng murakkab kadrlarini Jizzaxning Zomin tumanidagi o‘rmonlarda, sovuq kunlarda suratga oldik. U yerda filmning eng asosiy qahramoni tasvirga olingan, buni katrina namoyishida tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi”. Film syujetini har bir inson hayotga bo‘lgan qarashlari va voqealarni o‘z nuqtai nazarida qabul qilishiga qarab baholaydi. Premerani kutib qolamiz.