Ko‘nkabayev nega Jalolovga qarshi ringga chiqmagani ma’lum bo‘ldi
Ayni kunlarda Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo‘yicha an’anaviy “Stranja” xalqaro turniri davom etmoqda. 22 fevral kungi dasturda og‘ir vaznda o‘zbekistonlik Bahodir Jalolovga qarshi qozog‘istonlik Kamshibek Ko‘nkabayev ringga chiqishi kerak edi, biroq qozog‘istonlik bokschi noma’lum sababga ko‘ra bahsda ishtirok etmagandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Ko‘nkabayev qo‘lidan jarohat olgani bois jangda qatnashishdan bosh tortgan. Shuningdek, Kamshibek Jalolovga qarshi jangga tayyorgarlik ko‘rish va jarayonlarga to‘liq kirishish uchun juda kam vaqtga ega bo‘lgan.
“Kamshibek tuzalib, birinchi navbatda sog‘lig‘i haqida o‘ylashi kerak, chunki oldinda asosiy turnirlar – Toshkentdagi Jahon chempionati va Xanchjoudagi Osiyo o‘yinlari turibdi” deyiladi Qozog‘iston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov “Stranja” turniridagi g‘alabali yurishini davom ettirmoqda. Musobaqaning yarim finalida Jalolov ozarbayjonlik Muhammad Abdullayevga qarshi jang qiladi.