Aktrisa Keyt Uinslet aktyor Leonardo DiKaprio navbatdagi “Oskar” mukofoti taqdimotida mukofot olishiga ishonmoqda, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
DiKaprioning nomzodi ushbu mukofotga beshinchi marotaba qo'yilmoqda, biroq xanuzgacha u bu mukofotni qo'lga kirita olmagan. Hozirda u “Omon qolgan” filmidagi bosh roli uchun oltin haykalchani qo'lga kiritishga nomzodlik qilmoqda.
DiKaprio bilan “Titanik” va “O'zgarishlar yo'li” suratlarida rol ijro etgan Uinslet aktyor bu gal oxir-oqibat yutishiga ishonmoqda. “Fikrimcha, barcha uning bu mukofotni yutishini istayapti, bu ajoyib bo'lardi”, deb aytdi Uinslet.
Uinsletning aytishicha, unga “biroz mushkulroq bo'lmoqda”, chunki “Eng yaxshi aktyor” yo'nalishida “Stiv Jobs” filmida bosh rolni o'ynagan aktyor Maykl Fassbenderning ham nomzodi bor. Aktrisa ham bu suratda o'ynagan. U Fassbenderning ijrosini “ulkan” deb atadi, biroq “bu yil ehtimol Leoning yili bo'ladi” deb qo'shimcha qildi.
Uinsletning o'zi esa “Eng yaxshi ikkinchi darajali aktrisa” yo'nalishida “Oskar”ni qo'lga kiritishi mumkin.
DiKaprio “Omon qolgan”dagi roli uchun “Oltin globus” va AQSh kinotanqidchilari mukofotini olishga ulgurdi.