— Turmush o‘rtog‘im bilan bir mahallada yashaganmiz. U meni bolalikdan sevgan ekan, men esa e’tibor bermaganman. O‘qishga kirganimdan so‘ng ostonamizdan sovchilar arimay qoldi. U kishidan ham odamlar kelishgan. Dadam nimagadir rad javobini berib yuborgan. Keyin yaxshi oila deb, boshqa bir yigitga rozilik berishdi. Bizda rozilik alomati sifatida oqlik yuboriladi. O‘sha yigit bilan uchrashib ko‘rdim, to‘g‘risi, menga ma’qul kelmadi. Bu orada bo‘lajak turmush o‘rtog‘im o‘sha yigit bilan gaplashib oqlikni qaytarishga ko‘ndiribdi. Bir kuni oilamizga har tomonlama munosib yigitdan sovchi keldi. Ikki tomon rozi-rizochilik bilan to‘y harkati boshlandi. Biz yana oqlik yubordik. Lekin mahallamizda yashaydigan menga ko‘ngil qo‘ygan yigit to‘yni to‘xtatdi. U unashtirilgan insonimni olib qochib ketib, ota-onasiga po‘pisa qilgan ekan. Ota-onam bu gaplardan xabar topishgach katta janjal bo‘ldi. Oxir oqibat otamning mahalladoshimizga uzatishdan o‘zga chorasi qolmadi. Bu voqealarga ham o‘n yil bo‘libdi. Hozir uch qizimiz bor. Erimdan nolimayman. Ro‘zg‘orim but. Biroq to‘rt devor ichida qolib ketdim. Hatto, bolalarni bog‘chaga ham eri olib boradi. So‘nggi oylarda-ku, umuman haddidan oshib ketdi. Ustimdan qulflab qo‘yadigan odat chiqargan. Avvaliga rashk qilayapti derdim, biroq endi bu qilig‘i oshib tushdi. To‘rt oydan buyon uy qamog‘idaman. Sababini so‘rasam “Ayol kishining jilovini bo‘sh qo‘ysang, nimalar qilmaydi” deydi. Yoshman, tengdoshlarim bilan muloqot qilgim, o‘ynab-kulgim keladi. Biror joyga borish kerak bo‘lsa ham doim o‘zi olib boradi. To‘g‘risi, bilmayapman, muammo undami yoki menda? Nahot, yoshligim shunday o‘tib ketsa?..
Mavjuda, 30 yosh, Farg‘ona viloyati
TO‘TI AYaDAN IBRATLI VOQEA
— Bir onaxon cholidan shikoyat qilib qoldi. Otaxon 82 yoshda bo‘lib, 73 yoshli onaxonimiz bilan 56 yildan buyon birga yashashar, 9 farzandning ota-onasi, 17 nabira, 11 evaraning bobo-buvisi ekan. Ajoyib-a! Sizlarga o‘xshab yuraylik, onaxon, desam “Hecham bizga o‘xshamang, bolam, butun umrim uy qamog‘ida o‘tdi. Bu choldan bezor bo‘lib ketdim. Arazlab ikki oy poytaxtdagi qizimnikiga ketsam, “Men uylanayapman, to‘yga marhamat” deb o‘g‘limdan taklifnoma berdirib yuboribdilar. Men qonuniy xotiniman, huquqimni himoya qilinglar, jazosini beringlar bu cholni” desalar, hangu mang qolibmiz. Qarang-ki, otaxon oshpazlik qilarkan, onaxon esa doim yonlarida yordamchi bo‘lib ishlab kelgan. Bolalarni ham chiroyli tarbiyalashgan. Rashk o‘ti shunday baland ekanki, sho‘rlik onaxon shu yoshga kirib ham na qizinikida, na o‘g‘linikida qololarkan. Otaxonning bu hazili onaxonning rashkini chunonan alanglatganidan, maqsadga o‘tib, “Qizim bir yo‘lini qilib, meni otangiz bilan yarashtiring, erini birovga berib qo‘yadigan ahmoq xotin emasman”, dedilar. Xulosa shuki, qo‘sha qarishning siri sadoqatda. Bir-birini sevish esa rashk olovini alangalatib turadi. Siz ham biroz sabr qilib, eringizning munosabatiga bosiqlik bilan javob qaytarsangiz, hammasi iziga tushadi.
MIRABBOS OTADAN 4 TAVSIYa
Nazarimda, bunday muhabbat “turi” bilan yashash oson emas. Yoki men erkak kishi bo‘lganim uchun shunday tuyulayotgandir. Ayollarimiz esa har qanday vaziyatda sabrli bo‘la olishadi. Ularning yutug‘i va baxti ham shunda.Ammo eringizning o‘zi ham bu holatdan bir kun charchaydi. Shunda siz, uni “Asablaringizni tinchlantirish kerak” deya mutaxassining huzuriga olib borishga harakat qiling.
Agar vaziyatni o‘zgartirishning imkoni bo‘lmasa, unga nisbatan munosabatni o‘zgartirishga harakat qiling. Asablaringizni jilovlang, yuqorida aytganimdek, ayniqsa o‘zbek ayollariga xos sabrni ustun qo‘ying.
Turmush o‘rtog‘ingizning rashki sizda salbiy reaksiyani qo‘zg‘atayotganini sezdirmang. Vaziyatni qo‘yib yuboring, shunda “muammo” osonlashadi.
Ana shunda u ham asta-sekinlik bilan tinchlana boshlaydi.