O‘zbekistonda dars paytida hamda tungi vaqtda voyaga yetmaganlarning internet-kafe va kompyuter klublarida bo‘lishi ustidan nazorat kuchaytirildi. Voyaga yetmagan shaxs ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs bilan birga bunday muassasaga tashrif buyurgandagina istisno holat hisoblanadi.
“Kamolot” YoIH Toshkent shahar kengashining ma’lum qilishicha, ushbu maqsadlarda maxsus guruhlar shakllantirilgan bo‘lib, ular tegishli muassasalarda tizimli asosda reydlar uyushtirib kelmoqda. To‘rt va undan ortiq kishidan iborat guruhlar viloyatlarda ham ishlamoqda.
“Biz nafaqat o‘quvchilar bor-yo‘qligini, balki kompyuterlar mundarijasini ham tekshiramiz, - reyd ishtirokchilaridan birining so‘zlarini keltiradi Sputnik agentligi. – Internet-kafelarda axloqsizlik, diniy ekstremizm, millatchilik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi disklar, saytlar, filmlar, o‘yinlar, turli ma’lumot va materiallar saqlash taqiqlanadi. Shuningdek, bunday muassasalarda plakatlar va reklama vositalari bo‘lishi mumkin emas”.
Bundan tashqari, internet kafe binosi sanitariya va xavfsizlik talablariga javob berishi lozim. “Soat 21:00dan so‘ng eshiklarini yopib, faqat mijozlari uchun ishlaydigan o‘yin muassasalari ham bor, - so‘zida davom etdi agentlikning suhbatdoshi. – Biz u yerga mijoz sifatida kirib olib, barini yashirin kameraga tushiramiz. So‘ng materiallar huquq-tartibot organlariga topshirilib, tegishli choralar ko‘riladi. Darvoqe, maqsadlarimizdan biri asosan internet orqali faoliyat yuritadigan IShID yollovchilariga qarshi kurashishdir”.
Mazkur internet-kafelarda qo‘lga tushgan o‘quvchilar o‘qiydigan ta’lim dargohlarining rahbariyati, bolalarning o‘zlari va ota-onalari jazolanadi. Shu hududni nazorat qiluvchi uchastka nozirlari esa ishidan mahrum bo‘lishi ham mumkin.