Jahongir Otajonov qo‘shiqlariga nima sababdan klip suratga olmasligini aytdi
Kuni kecha xonanda Jahongir Otajonov 28-29 oktabr kunlari “Istiqlol” san’at saroyida taqdim etiladigan “Kuz gullari” nomli konsert dasturi oldidan matbuot anjumani o‘tkazdi.
Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan Jahongir Otajonovga turli mazmundagi savollar berildi.
“Yaqinda studiyada jonli ijrodan foydalanish borasida Olmoniyada o‘qib keldim. To‘g‘risini aytsam, bir necha yildan buyon studiyada sayqallangan musiqa sadolari ostida ashula yozolmayman. Bu balki kamchiligimdir... Faqat jonli musiqa sadolari ostida qo‘shiq yozishim mumkin. Klip suratga olmasligimning birinchi sababi shu, ya’ni studiyada yozilmagan qo‘shiqqa video suratga olib bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, klipmeykerlarimiz ko‘proq birovlarning g‘oyasi bilan klip suratga olishayotganining guvohi bo‘lyapman. Men yaratayotgan musiqaning o‘z adabiyoti bor, klip suratga olish uchun uni tushunish kerak. Talabchanligim juda kuchli, o‘zimga nisbatan ham atrofimdagilarga nisbatan ham. Klip suratga olmayotganimning sabablarimdan biri mana shu.
Birovlarning fikri bilan ish qilolmayman, bu menga halal beradi. San’atkor xalq orqasidan emas xalqni o‘z orqasidan ergashtira olishi kerak, deb hisoblayman.
San’atkor xalq eshitadigan ashulani aytishi emas, san’atkor kuylagan ashulani xalq eshitishi kerak.”
Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan xonandaga klip olishi va uni yosh avlodga taqdim etishi kerakligi to‘g‘risidagi takliflardan kelib chiqib, Jahongir Otajonov kelgusida yoshlarimizga ozuqa bo‘la oladigan kliplar suratga olishga harakat qilishini aytdi.