Bozor iqtisodiyotida, hamma narsaning narxi borligiga guvoh bo‘lib turibmiz. Sotilmagan narsa qolmadi. O‘zingizga yoqqan tovarning narxini kelishsangiz, pulini to‘lasangiz bo‘ldi, u sizniki. Xo‘sh, odamchi?! Odam qancha turishi mumkin? Tinib tinchimagan odamlar buni ham hisoblab chiqishibdi. Ular taqdim etgan ma’lumotlarni ko‘rib, o‘zingizning “katta xazina” ekanligingizni anglaysiz! Lekin, siz bu narxlarga uchib, boylik vasvasasiga tushmang, hech bir a’zoingizni sotishni xayolingizga ham keltirmang!!!
Demak, boshladik...
Ingichka ichak – 2 500 $
Ko‘plar o‘zlari yegan ovqatni oshqozonda hazm bo‘ladi, deb xato o‘ylaydilar. Aslo yo‘q, bu jarayon asosan ingichka ichakda ro‘y beradi, ayrimlarda esa, bu borada muammolar bo‘lishi mumkin. Zamonaviy transpalantalogiya, yuqorida keltirilgan mablag‘ evaziga muammodan xalos bo‘lish imkonini beradi.
Ko‘zning shoh pardasi – 5 000 $
Ko‘rish bilan bog‘liq muammolar jiddiyroq sanaladi. Ko‘p hollarda ko‘zning shoh pardasi kerak bo‘lib qoladi va uni topish qiyinroq. Ko‘zning shoh pardasini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini bundan yuz yil oldin amalga oshirishgan. O‘sha vaqtlarda qanday qilib buni amalga oshirgani esa, haligacha jumboq?! Bugungi kunda plastik jarrohlik o‘tkazadigan maxsus klinikalar, ko‘zning shoh pardasini og‘riqsiz va amalda xavfsiz ko‘chirib o‘tkazishni taklif qilishi mumkin. Lekin, bu arzon emas...
Tuxum hujayralar – 7 500 $
Bugungi kunda, bepushtlik muammosi yevropaliklarni hammadan ham ko‘proq qiynamoqda. Ularning baxtini qarangki, vrachlar donorlarning tuxum hujayralaridan foydalanib, bu ko‘ngilsiz muammoning oldini olishi mumkin.
Oshqozon osti bezi – 10 000$
Oshqozon osti bezining eng muhim vazifalaridan biri – insulin ishlab chiqarishidir. Agar odamda bu a’zoning ishlashi buzilsa, qandli diabetga olib kelishi mumkin. Juda ko‘plar diabet bilan yashab o‘tmoqda, lekin, ortiqcha mablag‘ bo‘lsa bu muammodan qutulish uchun, uni ko‘chirib o‘tkazishga erishish mumkin.
Ildiz hujayralar – 13 000 $
Tibbiyotda juda ham qadrlanadigan a’zo, bu – ildiz hujayralardir. Aynan, saratonni davolashda ildiz hujayrani ko‘chirib o‘tkazishdan keng foydalaniladi. Bir litr ildiz hujayra, juda ham qimmat turadi. Chunki, mos keladigan donorni topish katta muammo.
O‘pka – 20 000 $
Odamning tanasi bo‘ylab kislorod yetkazib beradigan muhim organ. Afsuski, keyingi paytlarda, o‘pka kasalliklari ko‘payib bormoqda va donorlar ham yetarli emas. Chunki, odam o‘lganidan ikki soat o‘tgandan so‘ng, o‘pkadan foydalanish mumkin bo‘lmay qoladi. Shuning uchun, shifokorlar donorning o‘pkasini ko‘chirib o‘tkazish jarayonida mo‘’jizakor ravishda, tezkor ishlashlari kerak. Bu a’zoning narxi qimmatligining sabablaridan biri ham shunda.
Jigar — 120 000 $
Jigar organizmdan toksinlarni chiqarib tashlash, issiqlik almashuvini nazorat qilish, organizmda modda almashinuvi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi, hayot uchun juda muhim vazifalarni bajaradi. Shifokorlar allaqachon, donor jigarining bir qismini olib, bemorga ko‘chirib o‘tkazishni amaliyotda qo‘lamoqdalar. Shunga qaramasdan, jigar tanadagi eng qimmat a’zolardan biri hisoblanmoqda.
Yurak – 250 000 $
Lekin, yurakni ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar juda ko‘p. Yurakni ko‘chirib o‘tkazish hali ham xavfli hisoblanadi, chunki ko‘pgina hollarda o‘limga olib kelishi mumkin. Odatda, ko‘chirib o‘tkazilgan yurak ham ko‘pi bilan, 5,7 yil xizmat qilib bera oladi. Lekin, bu borada ham navbat kutayotganlar kamayotgani yo‘q. Chunki, hamma ham bir nafas bo‘lsada ko‘proq yashashni xohlashadi-da.
Buyrak – 70 000 $
Buyraklarini mashina yoki kvartiraga almashinish haqidagi hazillar, asosga ega. Chunki odamlarda buyrakning ishlamay qolishi tez-tez uchraydi. Transpalantologiya amaliyotida bo‘ladigan ko‘chirib o‘tkazishlarning 75 % ni buyrakni ko‘chirib o‘tkazish tashkil qiladi. Shundan kelib chiqib, donorlar ham buncha pulni so‘rashlari ajablanarli emas!
Bosh – 5 000 000 $
Alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi kunga qadar, insonlarning boshini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha bironta ham jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmagan. Ammo, amerikalik shifokor dengiz cho‘chqalari va itlarning boshini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha, amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlagan. Kelgusi yilda birinchi marta, odamning boshini ko‘chirib o‘tkazishni sinab ko‘rishni va’da qilgan. Odamning boshini ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti uchun, taxminan 12 million dollar sarflanishi aytilmoqda. Shundan, donorga 5 million dollar beriladi, deyilgan. Qiziq, donorga bu pullar nima uchun kerak bo‘lishi mumkin?
Internet materiallari asosida tayyorlandi