«IMEI» bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, kimga murojaat qilish kerak?
Mamlakatimizning barcha hududlarida mobil aloqani rivojlantirish, zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish orqali interaktiv davlat xizmatlari va elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos keladigan uyali aloqa vositalari va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni keng ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida hukumat tomonidan bir qator tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu jumladan, uyali aloqa vositalarining mamlakatimiz hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelishining oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni markazlashgan tizim sifatida tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 847-son Qaroriga asosan, «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi (UZIMEI) tashkil etilib, uning zimmasiga mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish, vazirlik va idoralar hamda telekommunikatsiya operatorlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishi yuklatilgan. Agar Sizda «IMEI» kodlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, yashash manzilingiz bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat qiling! So‘nggi vaqtlarda xorijiy davlatlardan mamlakatimizga kelayotgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda foydalanilib, ularning ma’lumotlari asosida «UZIMEI» mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali, kelib chiqishi ma’lum bo‘lmagan uyali aloqa vositalari ro‘yxatga qo‘yilayotgani haqidagi murojaatlar soni ortib borayotganligi kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan, mazkur holatni muhokama etish maqsadida joriy yilning 3 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va «UZIMEI» tizimi operatori mas’ul xodimlari ishtirokida ishchi uchrashuv o‘tkazilib, unda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Ta’kidlab o‘tish joizki, shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 iyuldagi «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi O‘RQ-547-son Qonuni bilan himoyalanib, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 46-2-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. O‘sha harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilib, takroran yoki xavfli residivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa yoxud og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 141-2-moddasiga asosan, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga agarda telefonlarining «IMEI» kodlari bilan bog‘liq yuqoridagi muammolar yuzaga kelgan taqdirda yashash manzillari bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat qilishlarini tavsiya etamiz.