Asli shundoq ham jar yoqasiga kelib qolgan estrada yo‘nalishi – shou-biznesni “plagiatlik” tushunchasidan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Nafaqat ayrim xonandalar balki aksariyat klipmeykerlar ham ijodiy g‘oyalar inqirozi davrini boshdan kechiryapti, chog‘i. Yo‘qsa, ular xorijlik hamkasblarining tayyor mahsulotidan ilhomlanmagan bo‘lishardi. To‘g‘ri-da, “ilhomlanish” do‘ppini yerga qo‘yib, oylab mualliflik, original ijodiy mahsulot haqida bosh qotirib, kerak bo‘lsa tunlarni tongga ulashdan osonroq-da. Anglaganingizdek, "Darakchi" gazetasi “ilhomlanish”ni yaxshi ko‘ruvchi, ijodiy “tarixi”ni ko‘chirmakashliklar bilan ham to‘ldirayotgan klipmeykerlarning “mehnati”ga nazar soldi...
ED ShIRANNING KLIPI MUNISA BOPMI?
Musiqa ta’limini xorijda olib qaytgan, professional xonanda Munisa Rizayeva o‘ziga xos uslubi bilan hamkasblaridan ajralib turishi hech kimga sir emas. Biroq so‘nggi vaqtlarda qo‘shiqlariga ishlangan kliplar bilan ham ko‘pchilik hamkasblaridan ajralib qolyapti. Xonandaning ta’biri bilan aytganda oilalardagi ajralishlar, tushunmovchiliklar mavzusini “Xafa-xafa” qo‘shig‘ida aks ettirilgan. Biroq qo‘shiq ayovsiz tanqidlarga uchradi. Klipi esa Aleksey Vorobevning “Sumasshedshaya” klipidan olingan, degan tamg‘a ham qo‘yildi. Munisa gazetamizga bergan intervyusida bu savollarga javob bergandi.
Buni qarangki, Ed Shiran (Ed Sheeran)ning “How Would You Feel” qo‘shig‘iga ishlangan klipi Munisa bop bo‘lib turibdi-da. Xonandaning “Man bop” qo‘shig‘iga ishlangan klip rejissyori va bosh rol ijrochisi Narimon Sultonxo‘jaev gazetamizga bergan intervyusida g‘oyalari bisyorligini aytgandi, bu yog‘i endi qandoq bo‘ldi?!
RAShID XOLIQOV: “IDA GALICh “GAPIR-GAPIR”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqovning “Gapir-gapir” qo‘shig‘i va unga klipmeyker Yodgor Nosirov tomonidan ishlangan klip yaxshigina ommalashdi. Klipda xususiy filmlar orqali tanilgan Sitora Alimjonovaning “nutqi” yodingizdami? Bu aslida mashhur videobloger Ida Galichga tegishli.
Farqi shundaki, Idaning boshiga “butilka” bilan urishadi, Sitoraning yuzini tort bilan “siylashadi”.
ShOHRUXXON va ShAHZODA “ALLO”
Ushbu ro‘yxatni “E’tirof-2017” taqdirlash marosimining sovrindorlari Shahzoda va Shohruxxon “Allo” qo‘shig‘iga ishlangan klip bilan davom ettiradi.
Klip rejissyori Yodgor Nosirov biror film yo xorijiy klipdan emas, balki “Leibniz Butterkek” pechenesining reklamasidan “ilhomlangan”.
P/S: O‘rinli tanqid kelajak mevasi! Shunday ekan, rejisyorlarimizga ko‘zgu tutdik, xolos. Xonandalarimiz ham hushyor bo‘lib, sarflayotgan puli evaziga original mehnat mahsulini talab qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Unutmang, do‘st achitib gapiradi, dushman kuldirib...