- Yetti oylik homiladorman. Jag‘ tishim qattiq og‘riq berayapti. Hozircha sho‘r suv va moychechak damlamasi bilan og‘zimni chayqab turibman. Ayrimlar bu vaqtda tishni oldirib bo‘lmaydi deyishayapti. Haqiqatan ham shundaymi?
Gulzoda Mamarasulova, Toshkent viloyati
Savolga terapevt – stomatolog Dilmurod ALIMOV javob beradi:
–Tishlardagi karioz kavak surunkali infeksiya o‘chog‘i hisoblanadi. Bu esa bo‘lajak ona organizmi bilan bir qatorda homilaga ham nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Sizni holatingizda avval jag‘ tishni ko‘rish lozim. Hozirgi zamonaviy stomatologiya imkoniyatlari homiladorlikda qo‘llash mumkin bo‘lgan preparatlarni taqdim etmoqda. Mazkur vositalardan o‘z o‘rnida to‘g‘ri foydalanilganda ona va bola salomatligi xavfda qolmaydi. Davolovchi ginekologingiz bilan maslahatlashing-da, stomatolog ko‘rigidan o‘ting. Agar tishni olib tashlash lozim topilsa, amaliyot bajariladi. Ehtimol konservativ davo choralari ko‘magida muammo hal qilinsa ham bo‘lar.