Endilikda haydovchilik guvohnomalari O‘zbekiston Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari bo‘limlari huzurida davlat xizmat markazlari orqali beriladi. Shavkat Mirziyoyev 4-aprel kuni davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu vazifani ilgari surdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanaliga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.
2021-yilga qadar mamlakatdagi 5 milliondan ortiq haydovchilik guvohnomalari yangilanishi kerak. Biroq viloyatlarda bu kabi ishlar bilan 3—5 ta bo‘linma shug‘ullansa, butun respublika bo‘ylab ularning soni 49 tani tashkil etadi.
Bugungi kunda davlat xizmatlari markazlarining soni 201 taga teng. Haydovchilik guvohnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ularning har biriga yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi biriktiriladi.
Davlat xizmatlari markazlari o‘z ishini 1-yanvardan, ilgari faqat xo‘jalik yurituvchi subyektlarga xizmat ko‘rsatgan “yagona darcha” markazlari bazasida boshlagan edi. 1-aprelga qadar markazlar 37 turdagi xizmatlarni taqdim etgan bo‘lsa, joriy oyda ularning soni yana 13 taga ortgan (ular orasida bolalarni bog‘chaga qabul qilish borasida ariza topshirish xizmati ham bor).
Davlat xizmatlarining yagona reyestriga jami 444 ta davlat xizmati kiradi. Yil oxiriga qadar davlat xizmatlari markazlari umumiy hisobda 87 turdagi, keyingi yil oxiriga qadar esa — 160 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshlaydi.