Haj va umraga borish bo‘yicha tarqalgan gaplarga asosli javob
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq avval Hajga borgan fuqaro qayta yuborilmaydi. Shuningdek, Umra ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan fuqaro so‘nggi ikki yil mobaynida Umra yoki so‘nggi besh yil mobaynida Haj tadbiriga bormagan bo‘lishi kerak.
Haj tadbiriga boradigan nomzodlarni saralash ishlari bu mavsumdan kamida 5 oy avval boshlanadi. Hajga boradigan nomzodlarni mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida saralab olish uchun fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlarida tuman (shahar) hokimi tomonidan 7 kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh tuman bosh imomi, mahalla imomi, mahalla raisi, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika inspektori, Xotin-qizlar qo‘mitasi va “Nuroniy” jamg‘armasi vakillaridan tashkil topadi. Nomzodlar mazkur ishchi guruh tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi va munosiblar tanlab olinadi.
Nomzod Haj amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etish uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi, ma’naviyati, odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborli, oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi sog‘lom muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarishga layoqatli bo‘lib, mahalla tadbirlarida faol ishtirok etishi lozim.
Barcha talablarga javob beradigan nomzodlar bo‘yicha 15 kun mobaynida jamoatchilik fikri o‘rganiladi. Ular tomonidan bildirilgan fikr va e’tirozlar 5 kun muddatda ko‘rib chiqiladi.