“Darakchi” gazetasidagi “Qisqa va lo‘nda” loyihasining bu galgi mehmoni yosh aktrisa Feruza Normatova. Aktrisa mazkur loyiha orqali qiziqarli savollarga qisqacha javob berdi.
“Havas qilgulik oilada tug‘ilganman. Tez kunlarda ota-onamning oila qurishganiga 30 yil bo‘ladi. Buni keng davrada nishonlashni rejalashtirganmiz. Opam, ikkita singlim va ukam bor. Kelajakda xuddi shunday tinch osuda oilaning bekasi bo‘lsam deyman. Niyatim ikki o‘g‘il va ikki qizining onasi bo‘lish. Men ham xuddi ota-onam singari, farzandlarimga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda kasb tanlashlariga imkoniyat yaratib beraman”, —deydi aktrisa oilasi haqida.
Feruza Normatova o‘zi haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirar ekan:
“San’atkorlar istasa-istamasa, ular haqida turli gap-so‘zlar tarqalaveradi. Buni men kasb tanlashimdan oldin bilib, tan olib bo‘lganman. Menimcha, mish-mishlarni o‘z hayotidan zerikkan, nima ish bilan shug‘ulanishni bilmaganlar tarqatsa kerak. Men unaqalarga umuman ahamiyat bermayman”,—deya javob berdi.