Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

​Farrux Zokirov yuksak baho, cheksiz baxt va birinchi muhabbat haqida



Xalqning mehrini qozongan, yuksak ma`daniyat egasi, O`zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov bilan suhbatlashdik. San`atkorning sahnadagi jo`shqin ijrosi, nigohlaridagi mamnuniyat sirini so`rashga hojat qolmadi. Suhbat avvalidayoq muhabbat bilan yashaydigan inson hamisha yosh, degan xulosaga keldim… “Sug`diyona” gazetasi ijodkorlari uyushtirgan ushbu suhbat sizga ham manzur keladi, degan umiddamiz.


— Xalqimizga xos an`analar chiroyli bo`lish bilan birga, chuqur mazmunga ham ega. Siz o`zbekona qaysi odatning avloddan-avlodlarga meros bo`lib o`tishini istaysiz?

— Barcha urf-odatlarimiz zamirida chuqur ma`no yotadi. Ayniqsa, insonni bolaligidan mehnat qilishga o`rgatadi. Umuman, bizning xalqimiz juda mehnatkash. Yana bolalik yillarimga qaytsam. U paytlari gaz yo`q, ko`mir yoqamiz. Ko`mir tashish kabi ishlarni navbatlashib qilardik. Otam rahmatli asosan bog` ishlari bilan mashg`ul bo`lardilar. Daraxtlarni payvandlab, parvarishlardilar. «Kelinglar», deya bizni ham bog` yumushlariga jalb qilganida, tezroq shu ish tugasa-yu, ko`chaga chiqib o`ynasam, degan o`yda bo`lardik. Sal ulg`aygach esa po`rim kiyinib olib, uchrashuvlar, «tansa»larga oshiqardik. Bir gal uydan chiqib ketayotganimda otamning bog`da ishlab yurganlarini ko`rib, ming xijolat bo`lib, yo`lkiraga pul so`raganman. «Tokchada turibdi, olaver», desalar ham, ich-ichimda boshqacha bo`lganman. O`sha paytlari bu ishlarni yoqib-yoqmay qilgan bo`lsak-da, mehnatsevarlik ruhida tarbiya topganmiz, deb o`ylayman.

— Insonning mehnatda suyagi qotsa, kelajagi ham mustahkam bo`ladi.

— Albatta. Yana mahallaning hayotiy maktabi — o`zi katta bir akademiya. Bu akademiya mehmondo`stlik, bag`rikenglik, bir yoqadan bosh chiqarishga o`rgatadi. Men ishonch bilan ayta olamanki, bizdek mehmondo`st xalq dunyoda yo`q. Ko`p yurtlarni kezdik, bunday solishtirib qarasangiz, ularning shaharlari, ulkan binolari chiroylidir, ammo hatto, to`rt fasl muvozanati ham bizdek emas. Qishimiz — qish, yozimiz — yoz. Bahorni aytmaysizmi, betakror! Har gal safardan qaytar ekanman, samolyotdan tushishim bilan «Toshkentimdan qo`ymasin» degan fikr o`tadi xayolimdan.




— «Buncha yaxshi bo`lmasang, Toshkanim — onam, seni birpas ko`rmasam, ko`zlarimda nam...»

— Bu qo`shiq ham bejiz yozilmagan. Ko`pchilik «Vatanparlik ruhidagi qo`shiqlaringizning ommalashishining siri nimada?» deya savol beradi. «Uchquduq», «Shahrisabz», «Jannatim, yurtim» kabi taronalarimiz yurakdan yozilgan. Balandparvoz gaplar emas, samimiy so`zlarimiz, tuyg`ularimiz ularga ko`chgan.

— Samimiy taronalari bilan bizni sehrlagan Farrux Zokirov yosh xonandalarni ham tinglaydimi?

— Yoshlarning ijodiga san`atkor sifatida qiziqaman. Qanaqa o`zgarishlar bo`layapti, yangilik qila olishayaptimi, deb. Iste`dodlilari bor, ko`pchiligi esa hali izlanishda. O`z yo`lini topish jarayoni kechayapti ularda. Bu tabiiy.

Muxlis sifatida esa san`atda o`z yo`li va o`rniga ega ijodkor Ozodbek Nazarbekovning ijodini muntazam kuzataman, taronalari ko`nglimga yaqin. Yulduz Usmonovaning san`atini hurmat qilaman. She`r tanlashni biladi, so`zning ma`nosini chaqadi, chiroyli talaffuz qiladi va yurakdan kuylaydi. Baraka topsin! Qizlarimizda shu jihatlar biroz oqsaydi. O`z ustlarida ishlashga erinmasliklari kerak.

— San`atkor uchun eng katta g`ov nima?

— G`ov? Yaxshi savol. Agar san`atkorning iste`dodi, ovozi haqiqatda bor bo`lsa, tashkiliy, moddiy to`siqlar — bari o`tkinchi. Davr talabi bilan bo`lgan siyosiy to`siqlar hozir yo`q. Yaxshi ma`noda erkinlik bor. Muvaffaqiyatning bir uchi insonning fe`liga ham bog`liq. Ayrimlar kichik muammo oldida ham tez taslim bo`lishadi. Lekin tug`ma iste`dod egasi bo`lgan san`atkor qobiqni yorib chiqa oladi. Uni hech qanday g`ov ijoddan to`xtata olmaydi.




— Ijodingizda yangi duet haqida so`zlab bersangiz...

— Xonanda Shahzoda bilan ancha yillar avval yozgan «Chinor» qo`shig`imni birga kuyladik. Bu musiqiy asar ko`plab taqdirlarning guvohi bo`lgan chinor haqida. Ikkinchi jahon urushi yillarida yurtimizga kelib, panoh topgan va shu o`lkada ildiz otgan insonlar mavzusini ham o`z ichiga olgan ushbu duet muxlislar tomonidan iliq kutib olindi.

— Qo`shiqlaringiz ko`plab yosh xonandalar tomonidan qayta kuylandi. Qizg`anmaysizmi?

— Qizg`anish... yo`q, aksincha, xursand bo`laman. Men uchun ularning yangi usulda qayta kuylanishi, «ikkinchi hayoti» qiziq. Xonandalar ularni o`z yo`nalishlarida ijro etishlariga qarshilik qilmayman, ma`nosini yoki so`zlarini buzib kuylashmasa, bo`ldi. Faqat ba`zi yoshlar «Ustoz, fotiha bering», deya ruxsat so`rashadi. Ayrimlarining esa bunga fahmi etmaydi.

— Bilasizmi, taniqli yoshlar bilan suhbatlashganimda, ko`pchiligi mashhurlik so`zini inkor etishadi. «Men mashhur emasman», deyishadi-yu, yana «Ko`chada, odamlar orasida bemalol yursam edi...» deya qarama-qarshi fikr bildirishadi. Mashhurlik, bu nima?

— Yaratganning nazari tushgan insonga chin mashhurlik nasib qiladi. Ko`pning mehr-muhabbatiga sazovar bo`lish baxt. Masalan, menga bozor-o`char qilish yoqadi. Bozorga kirishim bilan esa «Farrux aka, keling, men o`zim arzon qilib beraman sizga», deb har tomondan chaqirib qolishadi. Men esa bozor aylanishni, savdolashishni, meva-chevalardan tatib ko`rishni yaxshi ko`raman. Oxirgi paytlarda hammaning qo`lida telefon, biror joyga borsangiz, fotosessiya boshlanib qoladi. Lekin baribir yoqimli! Ba`zida siz aytayotgan yoshlar muxlislari bilan suratga tushishni istashmaydi. Bu gunohdek gap, deb o`ylayman. «Bitta rasmga tushaylik», deb mehrini izhor qilayotgan muxlisni rad qilish gunohmasmi?

Bu borada men uchun doim otam va Botir akam o`rnak bo`lgan. Otam buyuk san`atkor edi, desam, aslo mubolag`a emas. Viloyatlarda yashovchi kishilar yaqinlariga, og`aynilariga «Toshkentga ketayapman», desa, «Voy, Karim Zokiriyni ko`rarkansan-da», deya havas qilishgan. Qo`yi qo`zilasa, «Bu qo`zichoq katta bo`lsa, sotib, puliga Karim Zokiriyning plastinkasini olarkansan-da», deya gapirishgan. Sodda, ammo qanchalik muhabbatga yo`g`rilgan a? Otam esa o`ta kamtar edilar. Buni do`stlari ham ko`p e`tirof etishgan. Botir akam katta unvonlarni oldilar, Parijlarda konsert berganlar, lekin hech o`zidan ketib qolmagan. Aytmoqchimanki, muhimi, mashhurlikni qadrlash va «yulduzlik» kasaliga uchramaslik darkor.

— Siz uchun eng yuksak baho?

— Bolalagimda ham, hozir ham, xoh atrofdagilar bilan munosabatda bo`ladimi, xoh professional ijodda «Karim Zokiriyning o`g`li! Barakalla, ota o`g`il» degan ta`rif men uchun yuksak baho. Botir akam — ijodiy vijdonim. Doim qo`shiq yozayotganda Botir Zokirov qanday fikr bildirardilar, degan xayol keladi.

San`atkor bo`laman deb o`ylamasdim, chin so`zim. Yigitlik yillarim musiqa bastalashga moyilligim bor edi. «Shunday qo`shiq yozsamki, Botir Zokirov repertuariga kiritsa», deb orzu qilardim. Akam esa eshitib ko`rardi-da, «Yo`q, hali bor, hali pishmagan», derdi. Shukr, bu baxtga musharraf bo`ldim. 1974 yil «Majnuntol» qo`shig`ini yozgan bo`lsam, bir yillardan keyin «Shu qo`shiq juda chiroyli chiqibdi, maylimi, men kuylasam», deya so`raganlar. O`shanda yuragim yorilib ketay degan. Hozir ham kuchli hayajon bilan eslayapman. Madaniyatni qarang, maylimi, deb so`raganlar.

— Hurmat qilgan ekanlar...

— Ha, yashang! Ukaga ham emas, ijodkorga nisbatan hurmati yuqori darajada bo`lgan.

— Sizningcha, erkak kishiga xos bo`lishi shart fazilat, bu...

— Mehribonlik!

— Qattiqqo`lik emasmi?

— Yo`q.

— Afsuski, ayrim kishilar qahri qattiqlikni, ayniqsa, ayol kishiga nisbatan qattiq munosabatda bo`lishni erkaklarga xos xususiyat, deb sanashadi.

— Aslo. Zaif erkaklarning xulosasi bu. Men yigirma yosh yigitning yoki o`ttiz yosh erkakning fikrini aytmayapman. Erkak kishi mehribon bo`lishi kerak. Uning jami xususiyatlari shu fazilatning negizida birlashadi.

— Ayollar uchun-chi?

— Nazokat! Bilasizmi, o`zbekistonlik ayollar boshqacha nazokatli. Ular qaysi millatga mansub bo`lmasin, O`zbekistonning havosidan nafas olib ulg`ayishganmi, ajralib turishadi. Xorijda uchratib qolsam ham, bitta harakati yoki so`zidan «O`zbekistonlikmasmisiz?» degan savolni beraman. «Ha, albatta, Toshkentda tug`ilganman, Samarqandda o`sganman» kabi javoblarni ko`p eshitganman. Ayolim rus millati vakilasi. Choy uzatishlari, so`zlashlaridan o`zbekona nazokat ufurib turadi.

— Onangiz rahmatli-chi? Qanday tabiatli ayol edilar?

— Eslasam, otam ikkalasi ikki xil dunyo bo`lgan ekanlar. Birlashtirib turuvchi nuqtalar bor edi, albatta — san`at, san`atga bo`lgan muhabbat, uni chuqur anglashlari, bolalar. Ammo otam og`ir tabiatli, kamgaproq inson edi. Onam esa dovyurak, so`zamol ayol bo`lganlar. Mahallada urishgan er-xotinlarni ham erinmay uylariga borib, yarashtirib kelardilar. Ko`chada ikki mahalladosh mast kishining yoqalashayotganini ko`rsalar ham, jim o`tib ketolmasdi. Onamdan hayiqishardi, bitta so`zlarini eshitishlari bilan «Xo`p, Shoyista opa, xo`p», deya qo`llarini ko`ksiga qo`yib uy-uylariga tarqalishardi. Dugonalari, rahmatli Iqbol xola «Travmayda biror kim noto`g`ri qarash qilsa, Shoyista kavushini to`g`irlab qo`yishga darrov kirishardi. O`zi qiltiriqqina-yu, gapirishga cho`chimasdi. Bu boshlagan muhokamani men davom ettirishimga to`g`ri kelardi», deya kulib eslardilar. Onam nozikkina, Iqbol xola esa savatli ayol bo`lgan-da.

— Farrux aka, sizni futbol maydonida uchratish mumkinmi?

— Yo`q. Hozir sport bilan shug`ullanmay qo`ydim. Bolaligimda suzishga, keyinchalik boksga qiziqdim. Ko`p yillar boks mashg`ulotlariga qatnashdim. Biroq umrim bino bo`lib, biror marta mushtlashmaganman. O`smirlik yillarimda ham, keyin ham. Doim ajratuvchi rolida edim. Avtoritet bor edi, qolaversa, odatda, mushtlashishga shay turgan ikki tomonni ham tanirdim.

— Ruhshunoslarga ishonasizmi?

— Psixologiyaga fan sifatida qarayman, xolos.

— O`tgan yillarga nazar tashlab, nimaga amin bo`lasiz: ko`ngilga quloq tutib yashabsizmi yo aqlning hukmiga?

— Ko`ngilga. Ijodkor inson ko`ngil kishisi bo`ladi. To`g`ri, ongli ravishda qadam tashlashga harakat qilganman. Ko`ngilga esa qarshi bormaganman. Menga istarasi issiq, yuragi bor odamlar bilan suhbatlashish yoqadi. Hisob-kitob bilan yashaydiganlar sovuq odamlardek tuyuladi.

— Qay birining izmida yashash osonroq?

— Bilmadim... Menga ko`ngilning izmida... Ikkalasini bir nuqtada birlashtira olsangiz, qaniydi...

— Ellik, oltmish yillik do`stlaringiz bilan uchrashib turasizmi?

— Ha, sinfdoshlar yig`ilamiz, «choyxonamiz» bor. Oltmishdan yuqori sonni tilga olgim kelmayapti. Kechagina yonma-yon o`tirgan do`stlarimiz bugun yonimizda yo`q. Hayotning qonuni shu ekan... U-bu joylarga borganda yoshlarning yig`ilishganiga ko`zim tushadi. Ular salom-alik qilishgach, ikki-uch daqiqa o`tar-o`tmas telefonlari bilan ovora bo`lib qolishadi. Diydor g`animat ekanligini unutib qo`yishayapti odamlar...

— Birinchi muhabbatingizni eslaysizmi?

— O-o-o! Eslaganda qandoq?! To`rtinchi-beshinchi sinfda o`qib yurgan kezlarim xat yozganlarim yodimda. O`qituvchilardan shu sabab dakki eshitganim ham. Darslarda ham xat yozib o`tirardim-da. Juda romantik bo`lganman. Sinfdosh yigitlarning sevgi maktublariga ham mualliflik qilardim. Husnixatim chiroyli edi, takrorlanmas, shoirona so`zlarni topib qo`yardim-da. O`n olti yoshimdagi ilk sevgimni esa unutmaganman. Alohida dunyo bu... Muhabbat — taqdirning eng katta in`omi. Eng birinchi va muhim insoniy fazilat. Qalb go`zalligi sevgida aks etadi.

— Inson orzu bilan tirik, deyishadi.

— Betakror jumla — inson orzu bilan tirik! Yoshingiz etmishdan oshgach ham orzu-havaslaringiz o`lmas ekan. Ijodiy orzularim, maqsadlarim bor. Ulguramanmi, degan savol o`ylantiradi. Odamzot ikki yuz yil yashasa ham, vaqt etmagandek tuyulsa kerak...

— Farrux aka, uzoq yashang! Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

— Rahmat!

Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi.


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 4216 | Рейтинг: 0| Рейтинг: ​Farrux Zokirov
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 10:29
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное