Erta klimaks nima? Uni qaysi belgilariga qarab aniqlasa bo‘ladimi? Bu davrning injiqlikni yengib o‘tish mumkinmi? Quyida shu mavzuda sirlashamiz…
Mutaxassisimiz — ginekolog Feruza RASULOVA.
Klimaks — hayz ko‘rish jarayoni to‘xtab, organizmdagi estrogen va boshqa gormonlar miqdori birdaniga pasaya boshlashi. Statistikaga ko‘ra, bu holat ayolda o‘rtacha ellik ikki yoshda boshlanar ekan. Bu holatning 35-40 yoshda kuzatilishi erta klimaks deb ataladi.
Sabablari
Nasl. Agar ayolning onasi yoki ona tomondan qarindoshlarda klimaks erta kuzatilgan bo‘lsa, avlod vakilalarida ham bu hol takrorlanishi mumkin. Ilk hayzi davri va homila sonining ahamiyati yo‘q.
Chekish klimaks davrini tezlashtiradi. Ichki biologik soatni to‘xtatish, yoki sekinlashtirishning iloji yo‘q. Faqat bu davr kelishi tezlashuvini chaqiruvchi yomon odatlardan saqlanishgina mumkin. Masalan, chekish, havosi u qadar toza bo‘lmagan joyda istiqomat qilish. O‘ta faol va asabiy turmush tarzi.
Kontraseptiv preparatlarni qabul qilgan ayollar, ularni qabul qilmaganlariga nisbatan kechroq klimaks davrini boshdan kechirishadi.
Ginekologik operatsiyalar ham klimaks davrining erta tashrifiga sabab bo‘la oladi.
Qattiq stress, xususan, balog‘at yoshiga yetayotgan qizlarda.
Jinsiy rivojlanish davrida infeksion kasalliklar.
Qalqonsimon bezdagi immunologik kasalliklar.
Og‘ir tug‘ruq.
Belgilari
Klimaksning ilk belgisi hayz tartibidagi tizimning buzilishidir. Hayz ba’zan bir necha hafta, yoki oy kechiksa, gohida kamroq bo‘lib keladi.
Muammo shundaki, bu kabi qator belgilar jiddiy ginekologik (ba’zida saraton ham)kasalliklar asoratida ham kuzatiladi. Shuning uchun klimaks bo‘ldim deb o‘tirmasdan, shifokor-ginekolog qabuliga boring.
Yodda tuting!
O‘ttiz besh yoshdan keyin ayollar ginekolog qabuliga yiliga bir marta (hech narsa bezovta qilmasa ham) borishni oltin qoida qilib olishlari kerak. Gormonga topshirilgan qon tahliliga ko‘ra, hayzdagi o‘zgarish sababini aniqlagan shifokor tuxumdonlar faolligidagi sustlikni tasdiqlasa, jarayonni hech qanday tibbiy preparatlar bilan to‘xtatib bo‘lmaydi.
Klimaks davri o‘z vaqtida (50 yoshga yaqin) kelsa, klimakterik sindrom (asabiylik, qizib sovish, qattiq terlash, tushkunlik, uyquning buzilishi) ayolni u qadar bezovta qilmaydi. Statistikaga ko‘ra, bu omadlilar qatoriga ayollarning 20 foizdan 60 foizgachasi kirishi mumkin. Erta klimaks ko‘rgan ayollar yuqorida keltirilgan holatlardan qiynalishadi. Gormonal qayta qurish oqibatida ayol jahldor bo‘lib qoladi.
Nima qilish kerak?
Ro‘y berayotgan noxush his-tuyg‘ularni pasaytirish maqsadida tibbiyot gormonlar o‘rnini bosuvchi davo muolajasidan foydalanadi. Bu vaqtda ayol tarkibida ayollar jinsiy gormoni (estrogen va progesteron) bo‘lgan dori preparatlarini qabul qilib turadi. Maqsad, gormon yetishmayotgan organizmni sun’iy gormon bilan aldash. Shu yo‘l orqali asab tinchlanib, jarayon nisbatan sokinroq o‘tishiga erishish mumkin.
Unutmang, gormonal preparatlarni mutaxassis avvalo zarur ko‘rikni o‘tkazib, tahlil javoblariga asoslangan holda buyuradi. Aks holda noxush holatlar yanada shiddatlashishi, yoki saraton belgilari haqida organizm berayotgan signal e’tibordan chetda qolib ketish xavfi bor.
Klimaks davrida farzand ko‘rish rejalashtirmagan bo‘lsa, kontraseptiv preparatlarni bir yil davomida qabul qilib turish kerak. Chunki endi hayz siklining izdan chiqishi natijasida tuxumdon urug‘lanish davrini oddiy taxmin yoki hisoblash orqali aniqlash qiyinchilik tug‘diradi.
Qin quruqshab qolishini maxsus lubrikantlar yordamida bartaraf etish maslahat beriladi.
Ba’zida klimaks davri bilan paralel ketuvchi kalsiy almashinuvi jarayoni buzilishidaqattiq behollik kuzatiladi. Shifokorga murojaat qilib, kerakli choralarni ko‘ring.
Soch to‘kilishi, tirnoq sinuvchanligini gormonal muolaja yordamida bartaraf etsa bo‘ladi.
Klimaksni qariyalik davri deb hisoblamang. Hammasi ichki tuyg‘ularingizga bog‘liq. Keyingi sonlarimizda esa hayoz davri muddati, ushbu nozik paytda nimalar mumkin va mumkin emasligi haqida sirlashamiz.