Foydalanuvchilar internetda ishlatadigan eng ishonchsiz
parollar ro‘yxati Amerikaning SplashData kompaniyasi tomonidan e’lon qilindi. Bu
haqda "ITAR-TASS” axborot agentligi xabar berdi.
Ushbu ma’lumotlar xakerlar tomonidan o‘g‘irlangan parollar
tahlili asosida olingan. 2013-yilda eng ko‘p tarqalgan parol "123456” kombinatsiyasi
bo’lib, avvalgi peshqadam parol — "password” ikkinchi o’ringa tushib
qoldi.
Birinchi beshtalikdan shunga o‘xshash – "12345678”, "qwerty” va
"abc123” kabi juda oson parollar o‘rin oldi.
Boshqa mashhur parollarga "adobe123” va "photoshop”
so‘zi, shuningdek, ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilganda "maymun”,
"menseniyaxshiko‘raman”, "soya” va "baxt” so‘zlari kiritildi.
"Biz bu ro‘yxatni jamoat e’tiborini jalb etish uchun e’lon
qilyapmiz, chunki bu kabi parollardan foydalanish xavfli”, — deb ta’kidladi
SplashData kompaniyasi rahbari Margan Sleyn. – "Foydalanuvchilar o‘zlarini
himoyalash uchun oddiy ehtiyot choralarini ko‘rishi kerak. Murakkab, eng
muhimi, turli saytlar uchun har xil parollar tuzish lozim”.
Kompaniya mutaxassislari foydalanuvchilarga yuqorida sanab
o‘tilgan parollarni zudlik bilan almashtirishni tavsiya qilmoqda. Bundan
tashqari, ekspertlar ishonchli parol tuzish uchun bosh harflardan
foydalanishning o‘zi yetarli emasligini, albatta, raqamlar va
"yulduzcha”, "panjara” kabi maxsus belgilarni qo‘shish zarurligini
ta’kidlamoqda. Shuningdek, parollarni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish
kerak.