Hoshimov ta’kidlashicha, hududlardagi xalq deputatlari kengashi samarali faoliyati haqida gapirilganda, bu narsani siyosatchilar va professional deputatlar korpusi bilan uzviy bog‘lash kerak.
Korzinka.uz asoschisi Zafar Hoshimov bu haqda konstitutsiyaviy islohotlar mavzusida Twitter’da bo‘lib o‘tgan audio chatda gapirib o‘tdi.
«Agar biz kelajakda samarali kengashlar haqida gapiradigan bo‘lsak, buni siyosatchilar va professional deputatlar korpusi bilan uzviy bog‘lashimiz kerak. Ya’ni bizda siyosatchi degan kasb yo‘q, gaz tarmog‘i xo‘jayini ham yoki boshqa korxona rahbari ham lavozimi jihatidan siyosatchi bo‘lishi mumkin. Professional siyosatchilar bo‘lmas ekan, samarador kengash bo‘lmaydi.
Masalan, tadbirkor deputat bo‘lib, tadbirkorlik ishini to‘xtatmasa baribir hokimiyatga qaram bo‘lib qolaveradi. Chunki, u hokimiyat nimadir qurish uchun ijozat olishi kerak yoki boshqa munosabatlari bo‘ladi. Manfaatlar to‘qnashuvi tug‘ilaveradi.
Agar deputat bo‘lmoqchi bo‘lsa, o‘sha davrda ishidan voz kechsin va kirsin. Voz kechish ham qandaydir formal bo‘lmasin – ukamga yoki tog‘amga topshirib qo‘ydim emas.
... Deputatlarga oylik berilsa mas’uliyat oshadi, prioritetlar belgilanadi. Agar mamlakatda deputatlarga oylik berishga budjetda pul bo‘lmasa demak tuman darajasida bunday kengash bo‘lmagani ham yaxshi.
Qurbimiz yetmasa, mayli, shahar yoki viloyatda bo‘lsin. Va tuman masalalari ham shahar yoki viloyat darajasida ko‘rib chiqilaversin» degan Zafar Hoshimov Twitter’da o‘tkazilgan audio chatda.
Ma’lumot uchun, ayni vaqtda faqat Oliy Majlisdagi 150 nafar deputat doimiy asosda, professional faoliyat olib boradi. Xalq deputatlari tuman, shahar va viloyat kengashlari deputatlari esa jamoatchilik asosida, ya’ni oyliksiz ishlaydi.
Bundan tashqari, asosan ijtimoiy soha vakillaridan saylanadigan mahalliy deputatlar doimiy asosda ham ishlamaydi.