Naima UBAYDULLAYEVA, tibbiyot fanlari nomzodi:
– Aslida, burun bitishi tumovdan darak beradi. Bunday paytda shilliq modda ajralishi bilan burun bo‘shlig‘idagi bakteriyalar va boshqa infeksiya qo‘zg‘atuvchilar chiqib ketadi.
Organizmning kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalardan xalos bo‘lishi uchun burunni dengiz tuzi yoki iste’mol sodasi qo‘shilgan eritma bilan yuvish kerak. Bunda boshni yon tomonga egib, burunning bir teshigiga eritmani oz-ozdan quyish lozim. Shunda eritma burunning ikkinchi teshigidan oqib chiqadi.
Burun bitib qolganida ko‘pchilik dorixonada sotiladigan maxsus tomchilardan foydalanadi. Lekin bunday tomchilarni keragidan ko‘p ishlatish oqibatida burun shilliq qavati qurib qolishi mumkin. Natijada, bakteriyalar ko‘payishda davom etadi. Agar burun bitishi sizni juda qiynayotgan bo‘lsa, shifokor maslahati bilan ish tuting.