Bugun Gollivud yulduzi Kurt Rassel 64 yoshga kirdi
Gollivuddagi betakror rollari uchun qator mukofotlarga sazovor bo‘lgan aktyor, qator ssenariylar muallifi, prodyuser bo‘lmish Kurt Rassel bugun 64 yoshni qarshi oldi.
Kurt AQShning Springfild shaharchasida 17 mart kuni dunyoga kelgan. Uning asl ismi Kurt Fogel Rassel. Teleekranlarda 6 yoshida paydo bo‘lgan bo‘lajak aktyor11 yoshida ilk bor “Bizning oshna Xiggins” filmida rol ijro etgan.
Shundan so‘ng, Disney kompaniyasi u bilan 10 yillik shartnoma tuzadi va u ushbu kompaniya tomonidan suratga olinagan filmlarda qoyilmaqom rollarni o‘ynay boshlaydi. 1970 yili u beysbol bilan profissional tarzda shug‘ullana boshlaydi, biroq kutilmaganda olingan jarohat uni sport sohasini tark etishga majbur qiladi va u yana kino olamiga qaytadi.
Kurt Rasselni ommaga mashxur qilgan ilk rollardan biri bu mashxur Elvis Presliga atab olingan biografik filmdagi Elvis Presli rolidir. 1979 yili suratga olingan “Elvis” filmi unga katta shuxrat keltirgan.
“Bort ortida”, “60-trassa” kabi komedik filmlar bilan bir qatorda Kurt “Kichik Xitoydagi katta ishkal”, “Tango va Kesh” jangovor filmlarida, shuningdek ko‘plab fantastik filmlarda ham yodda qoladigan obrazlarni yaratdi.
Kurt ikki bor turmush qurgan. Ayni damdagi rafiqasi aktrisa Goldi Xoun bilan 26 yildan buyon baxtli hayot kechirishmoqda. Ikki nafar o‘g‘li bor.