Odatda Vatan haqidagi she'r, kuy-qo'shiqlar rasmiy sahnalar, davlat tadbirlariyu tor doiralarda ijro etiladi. Bu hol ushbu mavzuning zalvori, qadr-qimmati, hamma ham tilga olavermaydigan, engil-elpi qarab bo'lmaydigan ekani bilan bog'liq bo'lsa kerak ehtimol. Biroq Vatan haqida samimiy ohanglarga yo'g'rilgan shunday taronalar, she'rlar borki, ular davra tanlamaydi, qalblardan otilib chiqqan tuyg'ular yuraklarni zabt etaveradi.
Estrada xonandasi Botir Qodirov o'z repertuarini Vatan haqidagi ana shunday ajoyib taronalardan biri bilan boyitdi, desak adashmagan bo'lamiz. Mazkur qo'shiqning so'zi Mansur Ergashevga tegishli bo'lsa, uning musiqasi Ilhom Mamatov tomonidan bastalangan. Botir Qodirov o'z uslubida, biroq noodatiy tarzda ijro etgan qo'shiq, ayniqsa, Vatan himoyasida bo'lgan askarlar, harbiylarga ma'qul kelishi aniq. Sokin, ayni paytda mardonavor ohanglarda vatanga muhabbat, ona yurtga ehtirom, tinchlikka shukronalik yo'g'rilib ketgandek. Bu qo'shiqni tinglar ekansiz, ko'z o'ngingizda gitara yordamida qo'shiq aytayotgan askar, uning atrofini qurshab olgan xizmatdoshlari gavdalanadi.
Aytish mumkinki, ushbu tarona bugungi zamonimizda — yon-atrofdagi mamlakatlarda talo-to'p bo'lib, notinchlik hum surayotgan bir davrda harbiylarimizning ruhini ko'taradi, ularga dadillik bag'ishlaydi. Buni, avvalo, yurtimizda tinchlik hukm surayotgani va bu oliy baxt ekanligi, qolaversa, yurt mudofaasida vatanparvar harbiylar kamarbasta ekanligiga yo'yish mumkin. Xonanda bayram arafasida ushbu taronani Kun.uz saytiga eksklyuziv tarzda taqdim etdi.