Bu yil Navro‘z bayrami kunlari O‘zbekistonda oz emas, ko‘p emas, naq 5 kun dam olinadi. Aniqrog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda 18 martdan 22 martgacha uzluksiz dam olish kunlari deb e’lon qilingan.
Bundan unumli foydalanish maqsadida sayohat qilmoqchi bo‘lgan kishilar ham ko‘p. Xo‘sh, O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga chiqmoqchi bo‘lganlarga qanday imtiyozlar yaratilgan?
"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati Navro‘zdagi besh kunlik dam olishda barcha ichki reyslarga chegirmalar joriy qilgani haqida aytilgandi.
Xususan, 18, 19, 20, 21 va 22 mart kunlari "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasining mahalliy reyslariga quyidagi chegirmalar mavjud:
Yakka tartibdagi yo‘lovchilar uchun – 30 foiz;
Sayyohlik guruhlari (5 va undan ortiq kishi. Faqat yuridik shaxslar uchun), maktab, litsey va kollej o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun – 40 foiz;
Oilalar uchun (2 yoshdan 12 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ota-onalar) – 50 foiz.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati xuddi shu kunlarga mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi poezdlarga (shu jumladan, yuqori tezlikda harakatlanayotgan "Afrosiyob" poezdlariga) oilaviy, jamoa, talabalar, o‘quvchilar hamda nafaqadagilar uchun yo‘l chiptasining tarif qismidan 50 foizli chegirmalar joriy qildi.
Misol uchun, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida harakatlanadigan "Afrosiyob" tezyurar poezdi chiptasi 38 ming 500 so‘m, "Sharq" poezdi 29 ming 800 so‘m, Samarqand – Buxoro "Afrosiyob" tezyurar poezdi 24 ming 500 so‘m, "Sharq" poezdi 25 ming 700 so‘m, Samarqand – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan "Sharq" poezdi chiptasi (plas. kart) 54 ming 589 so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi mehmonxonalar 18-22 mart kunlari davomida mehmonxona xizmati uchun 50 foizlik chegirmalar e’lon qilgani haqida ham oldinroq xabar bergandik.
Firdavs BEK