Avaz Oxunov: “e’tiroz bildirishga hali yoshlik qilaman”
Sahifamizning navbatdagi mehmoni 30-noyabr - 1-dekabr kunlari Turkiston san’at saroyida o‘zining ilk dasturini taqdim etgan so‘z ustasi Avaz Oxunov. Ko‘raylik-chi, qiziqchi unga atab qo‘ygan “10 qaltis savol”imizga qanday javob berar ekan?..
— Sizni muxlislar “Mirzo” teatridagi faoliyatingizdan so‘ng taniy boshlashgan. Ammo konsertingizda o‘zingizni Hojiboy Tojiboyevning shogirdiman, deb e’lon qildingiz. Bu uning nomidan foydalanish bo‘lib qolmaydimi?
- Yoshligimdan Hojiboy Tojiboyevga muxlis bo‘lganman. 2012, 2013, 2014 yillarda esa “Mirzo” teatrida ustozimiz Mirzabek Xolmedov bilan ijod qilganmiz. Bu Hojiboy Tojiboyevning nomidan foydalanish emas, aksincha u kishining ijod yo‘lini davom ettirish. “Mirzo” teatrida faoliyat yuritganim ham menga ancha yordam berdi. Chunki ijodkor serqirra bo‘lmog‘i lozim, har tomonlama o‘zini sinab ko‘rishi kerak.
— Unda nega ustozim Hojiboy Tojiboyev, deb e’lon qildingiz?
— Hojiboy Tojiboyev mening g‘oyibona ustozim. Menga yonlarida yurib shogird bo‘lish baxti nasib qilmagan, faqat konsertlarini ko‘rib havas qilganman. Nazariyani ustozim Ma’murjon Umarovdan o‘rganganman. Mirzabek Xolmedovdan esa nafaqat qiziqchilik sirlarini, balki inson sifatida ham juda ko‘p narsa o‘rganganman.
— Mirzabek Xolmedovga shogird bo‘lib yurib, boshqa bir so‘z ustasini ustoz, deb e’lon qilganingiz e’tirozga sabab bo‘lmadimi?
— 2014 yil “Mirzo” teatrining konsertida aktyorlar Soyib Xo‘jaev, Charli Chaplin, Adriano Chelentano, Jim Kerri, Aldarko‘sa obrazlarida chiqishgan. O‘shanda ham Mirzabek Xolmedov menga “sen Hojiboy Tojiboyev obrazida chiqasan” degandilar. Ustozimiz Mirzabek Xolmedov ham, Valijon Shamsiev ham meni kimgadir tanishtirmoqchi bo‘lishsa, ukamiz Hojiboy Tojiboyev yo‘nalishida ijod qiladi, deb tanishtirishadi. Keyin qiziqchilar dunyodagi eng samimiy insonlar bo‘ladi, ular siz aytgandek gina-kuduratga borib yuradigan odamlar emas.
— Konsertingizda Hosila Rahimova, Anvar Sobirov, Munisa Rizayeva kabi san’atkorlarga hazillar qilgansiz, bu hazillar ularning o‘zi qanday qabul qildi?
— Ular maza qilib kulishdi. Chunki men ularning ijodiga hazil qilganman. Qolaversa, hazilning me’yorini bilish lozim, agar kimningdir juz’iy kamchiliklari, nuqsonlari ustidan kulib shaxsiyatiga tegadigan hazil bo‘lsa, albatta uning tagi zil bo‘ladi. Menimcha, ular xafa bo‘lishmadi, agar xafa bo‘lishganida shu vaqtgacha eshitgan bo‘lardim. Hazilni to‘g‘ri qabul qilish donolikning birinchi belgisidir, demak o‘sha insonlar aqlli, dono insonlar ekan, hazilimizni to‘g‘ri tushunishdi.
— “Handalak”, “Qah-qaha”, “Sho‘rdanak”, “Dizayn”, “Million” kabi qiziqchilar jamoalarining tanlagan yo‘llari haqida nima deya olasiz? Qaysi jamoaning yo‘li sizga manzur, qaysi biri g‘ashingizni keltiradi?
— Bu jamoalarning barchasi o‘z yo‘li, uslubi va muxlislariga ega. Men e’tiroz bildirishga hali yoshlik qilaman. E’tiroz bildirish uchun Hojiboy Tojiboyev, Mirzabek Xolmedov singari ustozlar yo‘lini bosib o‘tishimiz kerak. Ularga do‘stona maslahat sifatida shuni aytishim mumkinki, qilayotgan hazil-mutoyibalarida ozgina milliyligimizni unutishmasa bo‘ldi. Bu tanqid emas, do‘stona maslahat.
—Hazillaringiz hammasi realmi yoki fantaziyaning mahsuli?
— Men hazillarni hayotdan olaman, shunda odamlarning hazm qilishi ham oson bo‘ladi. Ijodkor osmondan olishi kerak emas, bor gapni gapirishi lozim. Badiiylik qo‘shib gapirilsa, yanada yaxshi bo‘ladi.
— Konsertingizda Hojiboy Tojiboyevning hazillaridan ham foydalangansiz, bu qachongacha davom etadi? O‘z yo‘lingizni topib olishingizga ishonasizmi?
— Ijodkor ijodkordan ilhomlanadi. Hazillarni o‘z holicha aytsangizgina, u foydalanish bo‘ladi. Men mavzuni o‘g‘irlamaganman, ilhomlanganman. Bu avvalo ustozga hurmatimdan. Shuningdek, Hojiboy Tojiboyevning ijodini xalqqa kimdir eslatib turishi kerak-ku, axir.
— Shu konsertdan keyin yana ijodingiz kuchayib ketishiga ko‘zingiz yetadimi yoki shu bilan cheklanib qolasizmi?
— Doimiy izlanishdaman, shu sababdan qo‘rqmasdan ayta olamanki, hali bu boshlanishi. Konsertimizning birinchisi “Turkiston” san’at saroyida o‘tgan bo‘lsa, shu yilning oxirlariga qadar “Istiqlol” san’at saroyida konsert berish niyatimiz bor.
— Konsert dasturingizda onangiz kelmaganlar, buning sababi nima?
— O‘shanda onam endigina shifoxonadan chiqqan edilar. Ularni urintirib qo‘ymaslik maqsadida o‘zim konsertga kelishlariga qarshilik qildim. QISQAChA MA’LUMOT
1983 yil 27 aprelda Andijon viloyati Asaka tumanida tug‘ilgan.
Oilada to‘rt farzandning to‘ng‘ichi.
O‘zbekiston davlat San’at va madaniyat instituti rejissyorlik yo‘nalishini tugatgan.
Uylangan, bitta qizi bor.