18-fevral kuni Argentinaning Santa-Fe provinsiyasi hududi osmonida meteorit portladi. Bu haqda mahalliy observatoriya xodimi ma’lumotiga tayanib Agence France-Presse xabar bermoqda.
Santa-Fe shahri Buenos-Ayresdan 350 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan. U yerliklar mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da osmonda yorqin chaqnashni kuzatishgan, uning ortidan kuchli portlash ovozi eshitilgan. Portlash to‘lqini kuchidan uylar va yer zirillab ketgan. Bu hodisadan binolar talafot ko‘rgani yoki kishilar jabrlangani haqida ma’lumot berilmayotir.
Mazkur tabiiy hodisani o‘rganishga kirishgan olimlar fikriga ko‘ra, bularning barchasi osmonda meteorit portlashi alomatlaridir. To‘g‘ri, Santa-Fe hududida hozircha bironta ham samoviy jism parchasi topilgani yo‘q. Ammo Santa-Fe observatoriyasi mutaxassislari meteorit bo‘laklari atmosferadayoq kuyib ketganligini taxmin qilishmoqda.