“Iste’dodli aktyor — sahnaning yagona shohi va hukmdori”, degandi teatr rejissyori, aktyor, pedagog Konstantin Stanislavskiy. "Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasining qahramoni aynan shunday ta’rifga munosib, O‘zbekiston xalq artisti Afzal RAFIQOV. Aktyor ortga nazar tashlab, umr va hayot yo‘lini yodga oldi...
"Tarbiyam ota-onamga anchayin murakkablik tug‘dirgan"
— Bolaligimni maktab vaqtlaridan boshlab, yaxshi xotirlayman. Ko‘z oldimda qolgan manzaralarni esa qaysi vaqt ekanini qarindoshlarimdan so‘rab bilganman. Hatto, bir yarim yoshligimdagi ayrim damlargacha eslar ekanman. Otam davlat xizmatidagi odam edi, onam uy bekasi bo‘lgan. Oilada ikki o‘g‘il, ikki qizning to‘ng‘ichiman. Tarbiyam ota-onamga anchayin murakkablik tug‘dirgan, chunki kasalmand bo‘lganman. Onam meni katta qilguncha juda ko‘p qiyinchilik ko‘rgan. Ovqat yeyolmaganim bois “O‘g‘lim tuxumni yaxshi ko‘radi”, deb uka, singillarimdan bekitib tuxum pishirib berardi. Onam meni oshxonaga olib kirardi-da, “Sen yeguningcha, men eshikning tagida qo‘riqchilik qilib turaman”, derdi (kuladi). Lekin ukam bilib qolib, “Bu o‘g‘lingizga tuxum berasiz, menga-chi?” deb xarxasha qilardi. Shu tariqa nihoyatda erkalikda voyaga yetganman, lekin taltayib ketganman, deyolmayman. To‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun o‘ziga yarasha mas’uliyat, vazifalarim borligini his qilardim. Yoshlik inson xotirasida nihoyatda yorqin, go‘zal manzaralar bilan saqlanib qoladi. Noxush voqealar esa vaqt o‘tishi bilan sekin-asta xotira “daftari”dan o‘chib ketaverarkan...
"Men otarchi emasman!"
— 1-2-sinflarni Bekobod shahridagi rus maktabida o‘qiganman. 1957 yili otamni qayta Toshkentga ishga o‘tkazishganida 34-maktabning rus sinfida o‘qishni davom ettirganman. U maktab hozir ham ishlayapti. Tengdoshlarim orasida a’lochi edim. Matematika, fizika, geografiya, tarix, adabiyot, ona tili fanlari jonu dilim edi. Rus tilidan doim ikkinchi o‘rinni berishardi. Sababini so‘rasam, “Qanday qilib o‘zbek yigiti rus tilini besh bahoga bilishi mumkin?”, deyishardi.
5-sinfda o‘qib yurgan kezlarim rubob chalishga ishtiyoqmand bo‘lganman. Shunda otam qiziqishimga befarq bo‘lmay, orzuimni amalga oshirgan. Musiqa maktabidagi ustozlarim qobiliyatimni e’tirof etib, “O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga hujjat topshir”, deyishgandi. Lekin san’at bilan muloqotim musiqa maktabini bitirishim bilan tugagan. 8-sinfni tamomlab, uydagilarning tanlovi bilan aviatsiya texnikumiga samolyotsozlik mutaxassisligi bo‘yicha 4 yil ta’lim olganman. Otam “Bir kasbni boshini tutsa, ishlasa mustaqil bo‘ladi”, degan fikrda edi. So‘ng mutaxassisligim bo‘yicha zavodda ishladim.
Aviatsiya texnikumini tamomlash arafasida gazetadagi avvalgi “Toshkent teatr va rassomlik san’ati istitutiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lganlarning hujjatlarini qabul qilamiz”, deb yozilgan e’longa ko‘zim tushgan. U yerda yo‘nalishlar ham yozilgandi, shunda kino va drama aktyori yo‘nalishi e’tiborimni tortgan. O‘sha kungacha aktyor bo‘lib tug‘ilish kerak, deb o‘ylardim-da. Va aktyorlikka o‘qisa bo‘lar ekan, deya avvalgi fikrim o‘zgargan. Shunda “Aktyor bo‘laman!” deya oldimga katta maqsad qo‘yganman. Lekin ikki yil hujjat topshirib, tarix faniga kelganda imtihondan o‘tolmaganman. Birinchi yili institutga borib, abiturientlarning qo‘shiq kuylab yurganini ko‘rib, eplolmayman, deya qochib ketgandim. Bunga tortinchoqligim sabab bo‘lsa kerak. Ikkinchi yili o‘zimning nojo‘ya xatti-harakatim oyog‘imga bolta bo‘lgan. Aniqrog‘i, hay’at raisi — institut rektori “Qo‘shiq kuylab bering”, deganida beixtiyor “Men otarchi emasman!”, deb yuborganman. Rektorning jahli chiqib, imtihondan chiqarib yuborgan. O‘shanda mahmadonaligim tutgan bo‘lsa kerak-da (kuladi). Lekin asosiy fanlarni a’lo bahoga topshirgandim, biroq tarix fanidan o‘tolmaganman. Uchinchi yili tarix fani domlasi “O‘tgan yili shu fanni topshirolmagandi, bu yil tayyorlanib kelibdi”, deya maqtab, 4 baho qo‘yib bergan. Kunduzgi o‘qishga 1 ball yetmay qolgan, lekin sirtqi bo‘limga qabul qilinganman. O‘zbekiston xalq artistlari Olmaxon Hayitova, San’at Devonov kursdoshlarim edi. Sirtqi bo‘limda o‘qib mahoratli aktyor bo‘lolmayman-ku, deb teatrga ishga kirish haqida o‘ylaganman. Shunda otam avvalgi Hamza teatrining direktori Iskandar Musabekovning oldiga olib borib, “O‘g‘lim aktyor bo‘lish uchun harakat qilyapti. Biroq institutning sirtqi bo‘limiga qabul qilishdi. “Teatrni ichida bo‘lmasam, bu kasbni to‘laqonli egallolmayman”, deyapti”, degan. Shu tariqa teatrga sahna ishchisi sifatida ishga qabul qilinganman. Ishga bo‘lgan munosabatimni ko‘rishgach, rejissyor yordamchisi vazifasiga o‘tkazishgan. 1974 yili institutni tamomlaganimda ham aktyor sifatida ishga olishmagan. Shu yili rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning “Qaroqchilar” nomli spektaklida o‘ynagan rolim sabab, “Teatrda iste’dodli aktyor paydo bo‘lyapti”, deb aktyor sifatida ishga qabul qilishgan. Ilk katta ishim — Brest qal’asining so‘nggi posboni haqidagi “Ro‘yxatlarda yo‘q” nomli spektakldagi bosh qahramon leytenant Nikolay Plujnikov roli edi. Mana shu rolimdan so‘ng hech kimda aktyor ekanimga shubha qolmagandi. Ketma-ket qiziqarli rollarning keti uzilmadi. Hatto truppa boshlig‘i etib ham tayinlashdi. 1987 yilgacha samarali ijod qildik.
"Teatrda yuqumli "kasallik"” tarqalgandi"
— Teatr bu — jonli organizm. Demakki, uning kasallanishi tabiiy. Teatrda yuqumli “kasallik” tarqalgandi. Ba’zi o‘rta yosh aktyorlar “Istalgan rolni o‘ynash qo‘limdan keladi”, degan manmanlikka berilib, izzattalab bo‘lib qolgandi. Boisi ijodida siljish bo‘lmagan va aybdor izlashga kelganda bosh rejissyor nishonga tushgan. Qisqasi, iste’dodini barcha tan olgan rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev haqiqiy ijodiy muhitni izlab, 1984 yili hozirgi O‘zbek Davlat drama teatriga ishga o‘tdi. Aktyor rejissyorga ishonmasa ishlagisi kelmaydi. Shu nuqtai nazardan teatrdagi 50 ta aktyordan 25 tasi O‘zbek Davlat drama teatriga ishga o‘tgan. Ular orasida men ham bor edim. Mashhur “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ning televideniega yozib qolingan nusxasi ham o‘sha teatrda o‘ynalgan. Bu teatrda ham yomon ijod qilmadik. Biroq rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev 2000 yili teatrdan ketgach, 10 yildan keyin O‘zbekiston akademik rus drama teatriga borib, shartnoma asosida rol o‘ynab yurardim. Ochig‘i, Bahodir Yo‘ldoshev ustozim, ijodni boshlaganimdan beri birga ishlaganmiz. 9 ta o‘z ishining ustasi bo‘lgan aktyorni sahnaga chiqarib qo‘ying, rejissyorsiz hech nima qilolmaydi. Bejiz, bosh rejissyor, deyilmaydi, aktyorlarni qovushtiradigan shu ijodkor! Afsuski, hozir ko‘pgina teatrlarimizda bosh rejissyor yo‘q. Iste’dodli rejissyorlar kamyob bo‘lib qoldi. Dramaturglar-ku azaldan tanqis edi. Shuning uchun hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrini “Laboratoriya”, deyishardi. Chunki asarlar sahnada pishardi. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ning asarini olib o‘qisangiz, spektakldagi talqin bilan mutlaqo boshqa. Teatr — jamoaviy ijod. Uzoq yillar Bahodir Yo‘ldoshevning yonida yurganimga qaramay, rejissyorlik juda noyob, murakkab kasb bo‘lgani bois sira rejissyorlikka qo‘l urmadim. Aktyorlikni o‘rganish mumkin, lekin rejissyorlikning boshini tutish uchun Allohdan yuqtirilgan bo‘lishi kerak. Asarlarni zo‘r tahlil qiladigan, biroq sahnadagi aktyorlarni joy-joyiga qo‘yishga kelganida no‘noqlik qilgan qancha-qancha rejissyorlarni ko‘rdim. Ijodiy muhitni yaratish bu rejissyorning vazifasi, busiz spektakl o‘xshamaydi. Shu bois boshqa rejissyorga ishonolmayman. Qolaversa, Bahodir Yo‘ldoshev ketgach, kunim faqat tadbirlarda qatnashishga qolib ketgandi.
2014 yili O‘zbekiston akademik rus drama teatriga ishga o‘tganman. Bu men uchun yangi qirrani ochishdek gap edi. Boisi spektakllar rus tilida o‘ynaladi. Hali ancha yillar yangi rollar bilan tomoshabinlarni xushnud etish niyatim bor.
"Kinodagi birorta ishim o‘zimga yoqmaydi"
— Kinodagi faoliyatimni ommaviy sahnalarda ishtirok etishdan boshlaganman. Rejissyor Zulfiqor Musoqov “Yaratganga shukr” filmiga shifokor rolini ijro etishga taklif qilgan, bu ilk rolim edi. So‘ng rejissyor Habibulla Fayzievning “Alpomish”ida Boybo‘rini ijro etdim. So‘nggi o‘ynagan salmoqli rolim bu — rejissyor Ravil Botirovning “Jannat qaydadur?” filmidagi domla. Ochig‘ini aytaman, kinodagi birorta ishim o‘zimga yoqmaydi. Kinodagi hal qiluvchi omil bu — chehra. Men esa unday chehra sohibi emasman. Balki bu imkoniyatlarimni real baholashdir. Aktyor sifatidagi ham baxtim, ham fojiam — tomoshabin meni o‘ynagan rollarim uchun emas, balki ovozimni hurmat qiladi, shu orqali yaxshi ko‘radi. Yillar o‘tib, Afzal Rafiqovni ovozi orqali eslashsa kerak, degan o‘yga tolaman. Har bir aktyorni bitta shohona roli bo‘ladi. Meni esa bunday shoh rolim yo‘q, uning o‘rnini ovozim bosib ketgan. Lekin bu men uchun katta fojia emas.
"Hozirgi hind filmlariga ovoz bergim kelmaydi"
— 1968 yili Kinostudiyaning dublyaj qilinadigan xonasida kinomexanik bo‘lib ishlaganman. Ovozlashtirish uchun tasmani qo‘yib berardim, o‘z davrining yetuk ijodkorlari Razzoq Hamroyev, Hamza Umarov, To‘lqin Tojiev, Yoqub Ahmedov rollarga ovoz berishardi. O‘shanda shu sohaga ishqim tushgan. Kunlarning birida yarim tunda “Mayor Vixr”(“Mayor Bo‘ron”) nomli filmni ustoz san’atkor Hamza Umarov dublyaj qilayotgandi. Kutilmaganda leytenant roli chiqib qoldi. Yarim tunda aktyor topib bo‘lmaydi. Rejissyor Eson aka “Menga qara, o‘zbekcha gapira olasanmi? Tasvirga qarab, “Xo‘p bo‘ladi, janob polkovnik”, desang bo‘ldi”, deb qoldi. Bitta urinishda o‘xshatdim. Shunda Hamza aka “Yomonsan-ku, bittada o‘xshatding”, deb mushkulini oson qilganimdan sevingandi. Teatrda ishlab yurganimda ustozlarga “Meni ham dublyajga olib boringlar”, deganman. Va ularning ko‘magi bilan shu sohani ham egalladim. Sira “Ovozim zo‘r”, degan xayolga bormagan ekanman. Aslida birinchi bo‘lib ovozimni payqagan O‘zbekiston xalq artisti Oydin Norboyeva bo‘lgan. “Ko‘k eshik ortidagi ayol” spektaklida eshik ortida xotinini uradigan erkakning so‘zlarini menga ayttirishardi. Shunda Oydin opa “Afzal, ovozing juda jozibador!” degandi.
Avvalgi sof dublyajda ekrandagi qahramonga qolipdek tushadigan ovoz qidirilardi. 1990 yili bu dublyaj inqirozga uchradi va bu soha televideniega ko‘chdi. O‘shanda Oybarchin Bakirova, Hojiakbar Nurmatov, Rimma Ahmedova va meni dublyajga taklif qilishgan. Va to‘rt kishi “Maxabxorat” nomli hind serialiga ovoz bergandik. “Televideniedagi dublyajda ishlayman”, deganlarga “Sohir ovoz sohibi Bahodir Muhammedov o‘shanda dublyajga nega to‘rt kishini tanlab olgan?” degan savolning javobini topsanglar ishlayveringlar, deyman. Javobini hech kim topolmadi. Bu savolning javobi juda oddiy, televidenie dublyaji dublyaj emas! Bu kadr ortidan sinxron tarjima, u yerda aktyorning oldida turadigan vazifa mutlaqo boshqa. Shuning uchun bitta filmdagi barcha erkak yo ayol qahramonlarga ovozi tushadigan, tomoshabinning jig‘iga tegmaydigan, “neytral”, universal maxsus ovoz kerak. Yuqorida sanalgan 4 ta aktyorning ovozi shunday edi. Ishonsangiz, mashhur “Morena Klara” serialiga Dilbar Ismoilova ikkalamizgina ovoz berganmiz. Bu serial tomoshabinga manzur kelgan. Dublyajda faol ishlay olish uchun albatta aktyor bo‘lish shart! Roldan-rolga o‘tishda malakasiz ish bitmaydi.
Rosti, hozirgi hind filmlarini ko‘rolmayman, ularga ovoz bergim ham kelmaydi, mazmunan sayoz-da. Ochig‘i, ularni ovozlashtirishga mablag‘ zarurligi majbur qiladi...
"Muxlislarning bu qiziqishini ochiq qoldiraman..."
— Aktyorning shaxsiy hayoti tomoshabin uchun sir bo‘lishi kerak. Bu aktyor sifatidagi obro‘mni ta’minlaydi. Chunki muxlis doim shaxsiy hududga qiziqadi-da, bu talabni ochiq qoldirish lozim (kuladi).
Lekin umumiy tarzda ayta oladiganim, 1970 yili ota-onamning tanlovi bilan uzoq qarindoshimga uylanganman. Shukr, Shohida bilan mazmunli hayot kechirdik. Uch o‘g‘il: Ahror, Sardor, Sarvarning ota-onasimiz, uchovini oilali qildik, hozirda 10 nabiraning buva-buvisimiz. Farzandlarim mening yo‘limni tanlashmadi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.