2018-yil uchun Green Card lotereyasi 4-oktabrdan boshlanadi
AQSh Davlat Departamenti 2018-yil “Turli millat vakillari uchun immigratsion vizalar — DV” (Grin Kard) dasturiga ro‘yxatga olish davri 2016-yil 4-oktabrdan 2016-yil 7-noyabrgacha jamoat uchun ochiq bo‘lishini e’lon qildi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Har yili AQSh hukumati AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan mamlakatlar, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun “Turli millat vakillari uchun immigratsion vizalar — DV” dasturi orqali 50 000 ta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Vizalar so‘nggi besh yil mobaynidagi immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi; bunda immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq vizalar miqdori belgilanadi. Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o‘tish imkoniyatini beradi.
Murojaatchilar DV Dasturida 2016-yil 4-oktabr, seshanba kuni, Toshkent vaqti bilan soat 21:00 dan boshlab ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ro‘yxatga olish davri 2016-yil 7-noyabr, dushanba kuni, Toshkent vaqti bilan 22:00 da tugaydi. Barcha arizalar elektron ravishda ro‘yxatga olish davrida http://www.dvlottery.state.gov/ sahifasi orqali topshirilishi shart va DV Lotereyasiga ariza berish uchun hech qanday haq olinmaydi. Barcha murojaatchilar arizalarining maqomini keyinchalik tekshirish uchun ariza topshirib bo‘lganlaridan so‘ng o‘z tasdiqlov varaqlarini bosmadan chiqarib saqlab qo‘yishlari shart. Murojaat etuvchilarga arizalarini topshirish uchun ro‘yxatga olish davrining so‘nggi haftasigacha kutmaslik tavsiya etiladi. Dunyo bo‘yicha talabning o‘ta yuqoriligi internet sahifasi ishining sekinlashuviga olib kelishi mumkin. 2016-yil 7-noyabr soat 22:00 dan keyin birorta ham ariza qabul qilinmaydi.
2017-yil 2-maydan boshlab, qatnashchilar o‘zlarining arizalari ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi varaqlaridan foydalanib, Davlat departamentining internet sahifasida immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlariga o‘tish uchun tanlangan yoki tanlanmaganliklari haqidagi ma’lumotni bilib olishlari mumkin. Murojaatchilarga o‘z tasdiqlov varaqlarini printerda chop etib olishni va 2018-yil 30-sentabrga qadar, ular lotereyada g‘olib bo‘lgan yoki bo‘lmaganliklaridan qat’i nazar, saqlab qo‘yishlari lozimligini eslatib o‘tamiz.
DV Lotereyasining talablariga javob berish uchun murojaat etuvchi ushbu lotereyada qatnashishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biri, shu jumladan, O‘zbekistondan bo‘lishi va o‘rta maktab darajasiga teng ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Ariza topshirish va talablarga javob berishga oid qo‘shimcha ma’lumot AQSh Davlat departamentining http://travel.state.gov/content/visas/english/immigrate/diversity-visa/instructions.html sahifasida e’lon qilingan “DV-2018 Dastur yo‘riqnomasi”dan olinishi mumkin.
Elchixona xabarida ta’kidlanishicha, garchi ko‘plab kompaniyalar “Turli millat vakillari uchun immigratsion vizalar” dasturiga ariza topshirish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif etsa ham, ularning xizmatlaridan foydalanish shaxsning lotereyada g‘olib bo‘lish ehtimolligini hech qaysi yo‘l bilan oshirmaydi. Ba’zi hollarda esa, ayrim firmalar g‘oliblardan katta miqdorda pul talab qiladi yoki tovlamachilik bilan shug‘ullanadi. Shuni ham unutmangki, DV Lotereyasida g‘olib bo‘lgan shaxs AQSh elchixonasi yoki Konsullik bo‘limiga o‘z viza suhbati uchun kelguniga qadar, AQSh Davlat departamenti mazkur dastur bo‘yicha hech qanday to‘lovlar olmaydi. Dastur qatnashchilariga viza suhbatiga kelishdan avval “Turli millat vakillari uchun immigratsion vizalar” dasturi bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirishni so‘rab yo‘llangan har qanday xat yoki e’lonlar firibgarlar ishi bo‘lib, bunday xat-xabarlarga ishonmaslik kerak.